19:19 / 03.01.2022
1 086

Vadim Abramov: "Takliflar uchun ochiqman, deya e’lon bermayman"

Vadim Abramov: "Takliflar uchun ochiqman, deya e’lon bermayman"
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq ustozi Vadim Abramov haqida yana so‘nggi paytlarda turli xabarlar tarqalyapti-a? Avvaliga uni “Mash’al”da ishlashi mumkinligini eshitdik, keyin “Qizilqum”ga o‘tarmish, deyishdi.

Umuman olganda, Vadim Karlenovich ishdan ketganidan buyon hali o‘ziga yangi jamoa topganicha yo‘q. U yana murabbiylik faoliyatiga qaytmoqchimi yoki...Bu borada Sports.uz muxbiri Abramovning munosabati bilan qiziqdi.

- Vadim Karlenovich, ayni paytda xizmatingizga takliflar bormi?
- Hozircha hech qanday takliflar yo‘q. Yangi yil bayramini o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘ldim. Takliflar esa hozircha menda yo‘q.

- Eshitishimcha, xizmatingizga “Mash’al”, “Qizilqum” kabi klublardan qiziqish bildirilgan ekan...
- Bular shunchaki quruq gaplardir. Bunday gaplarga qo‘shila olmayman. Chunki aniq takliflar bildirilgani yo‘q.

- U holda sizga chetdan takliflar bo‘lyaptimi?
- Men hozirda bo‘shman, takliflar uchun ochiqman, deya e’lon bermayman. Balki takliflar bo‘lib qolar, ammo hozircha biror klubda ishlash yuzasidan hech qanday variantlarga ega emasman. Balki qo‘ng‘iroq qilib qolishar, buni bilmayman. O‘zim esa unga yoki bunga murojaat qilib meni ishga olinglar, deya umuman churq etmayman! Bu mening tamoyillarimga mutlaqo zid. Agar kimgadir kerak bo‘lib qolsam, albatta menga murojaat bilan chiqadi. Hozircha esa uyda, oilam davrasida dam olyapman.

- Yangi boshlanadigan mavsumda faol murabbiylik faoliyatiga qaytish xohishingiz bormi?
- Agar o‘zimni qiziqtiradigan takliflar bo‘lsa, ularni ko‘rib chiqib eng ma’qulini tanlashga harakat qilaman. Boya aytganimdek, hozirda hech qanday takliflar bo‘lmagani uchun dam olyapman. “Bunyodkor” va terma jamoadan ketganimdan keyin faol ishlaganim yo‘q.

- Demak, hozir faqat dam olish bilan mashg‘ul ekansiz-da. 2021 yil murabbiylik faoliyatingizda eng bo‘sh, omadsiz yil bo‘ldi, deyish mumkinmi? Bu borada fikringiz qanday?
- Bu borada xulosa chiqarishim juda qiyin. Yaxshisi, bunday holatni boshqalar baholasinlar. Qolaversa, 2021 yil murabbiylik faoliyatimda yaxshi yoki yomon bo‘lganini vaqt ko‘rsatadi. Ayrim jurnalistlar, men ularni jurnalist deb atamagan ham bo‘lardim. Ular faoliyatimga xolis baho berish o‘rniga faqat menga qora chaplash, tanqid qilish bilan ovora bo‘lmoqdalar. Ular bunday paytda nima uchun Abramov shunda yo‘l tutdi ekan, nega bunday qilmadi ekan, degan savolni o‘zlariga bermay, faqat tirnoq ostidan kir qidirishadi xolos. To‘g‘ri, tarixda ilk bor O‘zbekiston terma jamoasi JCH saralash bosqichining so‘nggi raundiga chiqa olmadi. Lekin shunda ham nima sababdan mana shunday holat yuz berdi ekan, deya o‘ylamay faqat sharmandagarchilik degancha jar solayotganlar juda ko‘payib ketdi.

2009 yili terma jamoani qabul qilib olgan chog‘imda u FIFA reytingida 109-o‘rinda edi. Terma jamoadan ketgan chog‘imda esa biz reytingda 56-o‘rinni band etib turgandik. Keyinchalik terma jamoada ishlamay, 2019 yili qabul qilishimga to‘g‘ri keldi. Keyinchalik olti ochkoni olib qo‘yishgan. Agar o‘sha ochkolar yetishmay tursa, jamoa qanday qilib keyingi bosqichga chiqsin?! Vaqt - oliy hakam. Kim haq, kim nohaqligini ham aynan vaqt isbotlab beradi. Chetda turib bizni yomonlab yozadigan qalamkashlar topiladi. Masalan, Nikimbayev turli bo‘lmag‘ur gaplarni yozish bilan ovora. Vaqt hammasini o‘z o‘rniga qo‘yishiga ishonaman.

- Xabaringiz bor, futbolimiz yulduzlaridan biri sanaladigan Odil Ahmedov yaqinda faoliyatini tamomladi va uni O‘FA vitse-prezidenti lavozimiga tayinladilar. Bu borada fikringiz qanday?
- Men doim lavozimlarga futbolni yaxshi tushunadigan insonlar tayinlanishi kerak, deb gapirib kelganman. Har kim o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lgani yaxshi. Hech kimni kamsitmoqchi emasman. Aytaylik, aviatsiyani boshqarish uchun qandaydir styuard tayinlansa, bu g‘alati emasmi?! Yuqorida aytib o‘tganimdek, har kim o‘zi yaxshi biladigan ish bilan shug‘ullanishi darkor.

O‘zingiz o‘ylang, kasalxonada bosh shifokor vazifasini sigir sog‘uvchi bajarmaydi-ku, to‘g‘rimi? Futbolni tushunmaydigan jurnalist ham biror-bir lavozimga tayinlansa, nima bo‘lishini tasavvur qilish qiyin bo‘lmasa kerak. Agar rahbariyatda o‘z vaqtida murabbiy sifatida ishlaganlar bo‘lsa, ular futbolni yaxshi tomonga o‘zgartira olishlari tayin. Chunki bu sohani yaxshi bilishadi. Bilasizmi, ba’zida murabbiylardan futbolni qanday rivojlantirish kerak, deb so‘rashmaydi-yu, shunday savol bilan o‘yinchilarga murojaat bilan chiqishadi. Bu kishining ensasini qotirmasdan qo‘ymaydigan holatdir.

- Yangi mavsum Superligada qaysi klublar sizningcha favoritlarga aylanishlari mumkin?
- Bilmayman. Ma’lumki, mavsum oldidan har bir klub o‘z oldiga maqsadlarni qo‘yadi. Faqat 10 ta tur o‘tganidan keyingina ishtirokchilarning qaysilari sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi-yu, qaysilari bir chetga chiqib qolishadi, shuni bilib olish mumkin bo‘ladi. Mavsum boshida esa hamma o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishga kirishib, o‘zini favorit deb hisoblashga tushadi.

- Samvel Babayan boshchiligidagi “Navbahor” transfer bozorida faolligi bilan ajralib turibdi. Ayting-chi, klub Babayan bilan yuqori maqsadlar sari kurasha olishi mumkinmi?
- Ularning transfer bozorida faol ekanliklari o‘zlari uchun yaxshi bo‘lishi mumkin, ehtimol. Ammo “Navbahor”ning mavsumni nechanchi o‘rinda yakunlashini vaqt ko‘rsatib beradi. Jarangdor nom hech nimani anglatmaydi. Futbolni esa o‘yinchilar o‘ynashadi. “Navbahor”da bo‘lmaganim uchun ham bu masala yuzasidan berilgan savolingizga to‘liq javob berishga ojizman. Bu kabi savol bilan bevosita jamoa rahbariyatiga murojaat qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ehtimol, transfer bozorida namanganliklar boshqalarga nisbatan faolliklari bilan ajralib turgan bo‘lishlari mumkin. Lekin bu klubning sovrinli o‘rinlar uchun kurashadi, degan xayolga olib kelmasligi kerak.

- Srechko Katanes turli yig‘inlarni tashkil etib kelmoqda. Aytmoqchimanki, terma jamoani kuzatib kelyapsizmi?
- Bu savolingizga yaxshisi, Katanetsni ishga taklif qilganlar javob bersalar maqsadga muvofiq bo‘lardi. Men uni shunchaki hamkasbim sifatida bilaman xolos. Srechko Katanes bilan yaqindan tanish ham emasman. Bu masalada bergan savolingizni izohlab berishni istamagan bo‘lardim.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: "Takliflar uchun ochiqman, deya e’lon bermayman"