Iqtidor egasi – Doston Hamdamov faoliyatini boshqa klubda davom ettirishga qaror qildi. Barchasi juda tez sodir bo‘ldi, shunday emasmi?
U milliy terma jamoa bilan Dubaydagi yig‘inda edi, ammo kutilmaganda Qatarda paydo bo‘ldi. Gap shundaki, “Al-Sayliya” Hamdamovga qiziqib qolgani sababli barcha rasmiyatchiliklarni hal qilishga erishdilar. O‘z o‘rnida Doston ham, “Paxtakor” ham qatarliklarning taklifiga rozilik bildirishdi.
“Anji, “Al-Nasr” va “Xatta”dagi faoliyatidan so‘ng Hamdamov yana bir bor legionerga aylandi. Futbolchi shartnomaga qo‘l qo‘ygach, Sports.uz muxbiriga o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Doston, Qatar chempionatiga ko‘chib o‘tganingiz bilan tabriklaymiz. Lekin tan olish kerak, bu transferni kutmagandik. Sizga “Al-Sayliya”dan taklif qachon bo‘lgandi?
- Buni o‘zim ham kutmagandim. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida qatnashish uchun Dubayga kelgandim. Klub tomonidan menga qo‘ng‘iroq bo‘lib, shunaqa variant chiqib qoldi, o‘ylab ko‘rasanmi, deb aytishgandi. Barchasi bir haftaning ichida hal bo‘lib ketdi. “Paxtakor”dan meni ijaraga olishmoqchi bo‘lgan va menga bunga rozi bo‘ldim.
- Siz terma jamoa yig‘inidan to‘g‘ri Qatarga ketdingiz va 22 yanvar kuni “Al-Xor”ga qarshi uchrashuvda debyutingizni o‘tkazishingiz kutilgandi. Lekin sizni 18 talik ro‘yxatda ham ko‘rmadik...
- Rasmiy uchrashuv oldidan shartnomaga qo‘l qo‘yish uchun Qatarga keldim. Klubda bir nafar osiyolik o‘yinchini qabul qilib olish uchun limit bor edi. Jamoa o‘z safidagi boshqa osiyolik futbolchi bilan shartnomani bekor qilishi biroz qiyinchilik tug‘dirgani uchun 22 yanvar kungi o‘yinda qatnashishga ulgurmadim.
- Yangi klubda sizni qanday qarshi olishdi? U yerda qaysi raqamni oldingiz? Nima uchun aynan 6 oylik ijaraga o‘tdingiz?
- Yangi raqamga kelsak, “Al-Sayliya”da 77-raqamni tanladim. Nasib bo‘lsa, keyingi uchrashuvlarda shu raqamda maydonga tushaman. Ular “Paxtakor”ga olti oyga ijaraga olamiz deb taklif bilan chiqishgan. Chunki Qatarda chempionat o‘sha muddatdan keyin yakuniga yetadi. Agar o‘zimni ko‘rsatsam va klub ham yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritsa, balki shartnomani uzaytirishga imkoniyat bo‘lar.
- Umuman aytganda, “Al-Sayliya”ning “Al-Xor”ga qarshi uchrashuvi sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Debyutni o‘zim ham kutgandim. Afsuski, yuqorida aytgan vaziyat yuz bergani uchun uchrashuvni tomoshabin bo‘lib ko‘rishga majbur bo‘ldim. O‘yin yaxshi taassurot qoldirdi. Keyingi o‘yinlardan jamoamga yordam berishga harakat qilaman.
- “Paxtakor”dan oldin BAAning “Al-“Nasr” klubi bilan shartnoma imzoladingiz va so‘ng u yerdan autsayder “Xatta” klubiga ijaraga ketgandingiz. Qatar jamoasiga ham ijara evaziga yo‘l oldingiz. Yana oldingi voqealar rivoji takrorlanib qolishidan cho‘chimaysizmi?
- Yo‘q, xavotirda emasman. Qatar chempionatida o‘zimdan yaxshi taassurot qoldirib, muxlislarning qalbidan joy olishga harakat qilaman.
- “Paxtakor”da bosh murabbiy o‘zgardi. Jamoani ayrim yetakchilar tark etdi va siz ham endi “Paxtakor” bilan emassiz. Klub biroz kuchsizlanyapti, degan fikrlarga qanday qaraysiz?
- “Paxtakor”ning hozirgi holati haqida to‘g‘risi bilmayman, tushunish qiyin. Yangi murabbiy qo‘l ostida ham hali to‘liq shug‘ullanishga ulgurmagandik. “Paxtakor” har doim sovrinlar uchun kurashib kelgan. Klubni yetakchilar tark etgan taqdirda ham “Paxtakor” yaxshi taassurot qoldiradi deb o‘ylayman.
- Qatar chempionatiga ko‘chib o‘tishingiz faoliyatingizda tub burilish yasay olishiga ishonyapsizmi?
- Hammasi Xudodan. Iloji boricha yaxshi harakat qilib, bu chempionatni ham tubdan o‘rganib, o‘zimni ko‘rsatishga bor kuchimni sarflayman.
- “Al-Sayliya”ni endi yaqindan o‘rganyapsiz. “Paxtakor” bilan solishtirganda ikkisining darajasi bir xilmi?
- “Paxtakor”ning ham, “Al-Sayliya”ning ham o‘ziga yarasha prinsiplari bor. To‘g‘ri, har tomonlama “Paxtakor” bilan solishtirsa bo‘ladi. Yangi jamoadoshlarim bilan til topishib ketishim muhim, ammo hozir bunga vaqt kerak.
- Klubni o‘zgartirayotganda kimning maslahatiga amal qildingiz?
- Yo‘q, hammasiga o‘zim qaror qildim. Yaxshilab o‘yladim. Bu qarorim barcha uchun yaxshi deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot