Nihoyat, Tojikiston milliy terma jamoasiga ham rasman yangi bosh murabbiy tayinlandi. 56 yoshli xorvatiyalik Petr Segrt yon qo‘shnilarimiz jamoasini boshqarishga kirishdi.
Yaxshi bilasiz, unga qadar 2018-2021 yillar mobaynida Tojikiston milliy terma jamoasiga o‘zbekistonlik Usmon Toshev bosh murabbiylik qilib keldi. Hamyurtimizdan keyin esa uning joyi bo‘sh turgandi. Albatta, orada mahalliy mutaxassis Mubin Ergashev vaqtinchalik bosh murabbiy sifatida Tojikistonning Qozog‘istonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ustozlik qildi. Ammo hali rasman yangi murabbiy tayinlanmayotgandi. Bu borada TFF rahbariyati bir qator nomzodlarni ham o‘rganib chiqishdi.
Yaqinda Sports.uz sayti orqali xabar berganimizdek, “Lokomotiv” klubining portugaliyalik sobiq ustozi Mikael Sekeyraga ham taklif bilan chiqishgan. Lekin u tojiklarning taklifini qabul qilmagan. Oxir-oqibat Petr Segrt Usmon Toshevdan so‘ng Tojikiston milliy terma jamoasining rasman bosh murabbiyiga aylandi.
Xo‘sh, Segrt qanday murabbiy? Bungacha qayerlarda ishlagan? 1966 yilning 8 may sanasida tavallud topgan. Unda Germaniya hamda Xorvatiya fuqaroligi bor. Futbolchilik faoliyatini nemis klublarida o‘tkazgan. Shunga ko‘ra, u murabbiylikka o‘tgach ham dastlabki qadamlarini aynan Germaniyada tashladi va bir qator jamoalarda ishladi. Keyinchalik Avstriya klublarini boshqardi. Terma jamoalar miqyosida u Gruziya, Afg‘oniston va Maldiv termalarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, Indoneziya klublarini ham boshqargan.
Petr Segrt Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida e’lon qilinganidan so‘ng, uning ishtirokida matbuot anjumani uyushtirildi. Ta’bir joiz bo‘lsa aytish lozimki, Tojikistonning yangi bosh murabbiyi bilan o‘tkazilgan matbuot anjumani ancha quvnoq tarzda kechdi. Uning ayrim qismlarini e’tiboringizga havola qilamiz.
- Avvalo, barchaga o‘z salomimni yetkazmoqchiman, - deya gap boshladi, yangi murabbiy. - Bu yerda ekanligimdan xursandman. Tojikiston futbol federatsiyasi bilan shartnoma imzolab bo‘ldik. Kelishuv bir yilga mo‘ljallandi. Agar terma jamoa “Osiyo Kubogi-2023” final bosqichiga chiqadigan bo‘lsa, shartnoma avtomatik ravishda uzaytiriladi. Tojikistondagi futbol tashkilotchiligidan meni hayratda qoldirgan narsalar haqida aytmoqchiman. Men oshirib yubormayapman, til yog‘lamalik qilayotganim yo‘q. Tojikiston futbol federatsiyasi Osiyoda eng yaxshilaridan bittasi. Men ko‘plab mamlakatlarda ishladim va ko‘p narsalarni ko‘rdim. Shu sabab, solishtirishda menda imkoniyat bor. Ya’ni, meni kutib olishlaridan boshlab, muzokaralar jarayoni va bugungi kungacha bo‘lgan barcha holatlarni taqqoslash imkoniyatiga egaman.
Futbol masalasida ham xuddi shu narsalarni aytishim mumkin. Aniqrog‘i, maydondagi o‘yinni yaxshi tashkil etish kerak. Tojikistonlik o‘yinchilar katta potensialga ega. Mamlakatda ko‘plab iqtidorli futbolchilar bor. Tojikiston futbol federatsiyasi prezidenti janob Jo‘razodaning gaplariga kelsak, ha men Germaniyada o‘sganman. Ammo tomirlarimda xorvat qoni oqyapti. Tojikistonda ishlash esa men uchun ajoyib imkoniyat. Tojik xalqidan juda qattiq hayratda qoldim. TFF futbol akademiyasi ham menda katta taassurot qoldirdi. Osiyo Kubogiga chiqamiz deb 100 foiz va’da bera olmayman. Lekin, keling, birlashamiz va harakat qilib ko‘ramiz. Osiyo Kubogi final bosqichiga chiqish – bu Tojikiston futbol federatsiyasi uchun katta orzu. Hammasi esa orzudan boshlanadi. Shuning uchun ishlashni boshlaymiz va bu orzuni ro‘yobga chiqaramiz.
- Tojikiston terma jamoasiga nomzodlarni qanday tanlab olasiz? Yoki siz ishlashingiz kerak bo‘lgan tayyor o‘yinchilar ro‘yxatini olib kelishadimi?
- Menga tayyor ro‘yxatni olib kelishadi deb sizga kim aytdi? 100 foiz ishonch bilan ayta olamanki, tarkibni o‘zim tanlayman. Shunday ekan, maydonda kim o‘ynashini o‘zim hal qilaman. Bu mening falsafam. Agar ishimni yo‘qotsam, u holda bir o‘zim aybdor bo‘laman.
- Biroq Tojikiston terma jamoasining oldingi bosh murabbiyi futbolchilarni ularning xarakteri tufayli obektiv sabablarga ko‘ra, termaga chaqirmaganligini aytgandi.
- O‘zingiz qarang, menga terma jamoada ko‘rishni istagan u yoki bu futbolchimni olib kelishga monelik qilishadimi?
- Avvalgi yillari terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqaman, degan murabbiylar ishlashdi. Biroq bu yuz bermadi. Tojikiston terma jamoasini “Osiyo Kubogi- 2023” final bosqichiga olib chiqa olasizmi?
- Tojikiston futbolining foydasi yo‘lida sutkasiga 24 soat ishlashga va’da berishim mumkin. Maqsadlarga erishish uchun o‘z shtabim bilan bor mahoratimizni va bilimimizni ishga solishga harakat qilamiz.
- Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab ishqibozlar sizga shunday laqab berishgan: “Eynshteyn”. Ma’lumki, Eynshteyn buyuk fizik bo‘lgan. Xorvatiyalik “Eynshteyn” nima bilan shug‘ullanadi?
- Aslida menda laqablar ko‘p. Masalan, kimdir meni “Me’mor” deb atasa, kimlardir uchun “Futbolchilarning otasi” hisoblanaman. Afg‘oniston terma jamoasiga ustozlik qilgan kezlarimda meni “Umid qilinadigan kishi” deb atashardi. “Eynshteyn” laqabini birinchi bor eshitib turibman. Agar tojikistonlik ishqibozlarga meni shunday atash yoqayotgan bo‘lsa, u holda bemalol “Eynshteyn” deb atayverishsin.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, matbuot anjumanida Usmon Toshevga ham biroz “teginib” o‘tilgan. Shu bilan birga xorvatiyalik “Eynshteyn” tojikistonlik futbolchilar to‘p surayotgan milliy birinchiliklar qatori endi O‘zbekiston chempionatini ham kuzatishga majbur. Chunki Superligamizda bir qator Tojikiston terma jamoasi futbolchilari bor. Davron Ergashev, Zoir Jo‘raboyev, Exsoni Panshanbe, Alisher Jalilov – bular o‘z termalarining liderlari! Matbuot anjumanida Segrt Tojikistonda yaxshi futbolchilar borligini va tarkibni o‘zi tanlashiga ham alohida urg‘u berib o‘tdi. Shunday ekan, terma jamoaning yetakchilari bizning chempionatda to‘p surishar ekan, o‘z-o‘zidan “Eynshteyn” ularning ishtirokidagi o‘yinlarini ham kuzatishiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tishimiz lozimki, Panshanbe bilan Ergashev Superligamizda, aniqrog‘i “Navbahor” hamda “Bunyodkor” jamoalarida bir necha mavsumdan beri to‘p surishmoqda. Alisher Jalilov esa yaqinda “Istiqlol”dan AGMKga ko‘chib o‘tdi. Zoir Jo‘raboyev ilgari “Metallurg” sharafini himoya qilgan bo‘lsa, endi “Surxon” uchun to‘p suradi.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar