1 489
Aziz Haydarov: "Jahon chempionatiga chiqish uchun uy o‘yinlarida yutsak bo‘ldi, boshqa narsa kerak emas"
O‘FA terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari championat.asia saytiga bergan intevryusida davlat tomonidan futbolga ajratiladigan mablag‘, klublarning xususiylishtirilishi va boshqa mavzularda fikrlarini bayon etdi.
– Futbolchi terma jamoada jarohat olsa, uni kim davolashi kerak?
– Albatta, assotsiatsiya. Chunki terma jamoada jarohat olgan futbolchilarning davolanishiga FIFA tomonidan pul to‘lab beriladi, ya’ni har bir davlat terma jamoalarining jarohatlangan o‘yinchilari uchun FIFAning "Terma jamoa futbolchilari huquqlarini himoya qilish" bandiga ko‘ra 40 000 yevro miqdorida pul ajratadi. Buning uchun Futbol Assotsiatsiyasi tashkilot nomiga ariza bilan chiqishi lozim.
Klublar terma jamoadan jarohat bilan qaytgan futbolchilari davolanishi uchun assotsiatsiyaga murojaat qilib chiqishlari lozim. Bunga klublar mablag‘ sarflashlari shart emas. Masalan, Fozil Musayev terma jamoa o‘yinida jarohat oldi va barcha xarajatlarni FIFA to‘lab berdi.
– Bizda muxlislar davlat futbolga ko‘p pul ajratadi, faqat biznikilar to‘g‘ri ishlatishni bilmaydi, davlatni pulini yeydi, deb o‘ylashadi. Siz shunga qanday munosabat bildirasiz, bu qanchalik to‘g‘ri?
– Oddiy olib qarasak, davlatni pulini faqatgina futbolchilar yemayapti. Tan olaylik, futbolchilardan tashqari davlat budjetidan pul oladiganlar ko‘p. Futbol bu davlatimizning obro‘si, uni ko‘tarish uchun mablag‘ kerak. Bunga faqat O‘zbekiston emas, butun dunyo, har bir mamlakat pul ajratadi. Masalan, Saudiya Arabistoni klublari boy bo‘lgani bilan doim davlatdan mablag‘ oladi. Men "Al Shabab"da o‘ynagan vaqtlarimda davlat klubga 20 million dollar berardi. Kamiga bu men bilgan eng kam pul oluvchi jamoa edi.
Davlat pullari klubning ayollar, bolalar jamoasi, futzal, ulardagi murabbiy va futbolchilarning maoshlari, barcha-barchasi uchun ajratiladi. Hammasi uchun deylik, 3 million dollar sarflanyapti, bu yetarli deb o‘ylaysizmi?
Bundan tashqari, legioner futbolchilarning o‘ziga ancha xarajat talab etiladi. Aytmoqchimanki, agar biz zo‘r legionerlarni olib kelib, chempionat saviyasini oshirmoqchi bo‘lsak, ular uchun alohida mablag‘ ajratishimiz zarur. Chempionatni rivojlantirishimiz mumkin, qachonki, biz buni to‘g‘rilasak, yaxshi o‘yinchilar yetishib chiqsa, bu butun o‘zbek futboli obro‘si ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Sir emaski, rivojlanish ulkan xarajatni, mehnatni talab etadi. Futbol ham shunday ko‘tariladi!
Mustaqil davlat bo‘lganimizga endigina 30 yil bo‘ldi. Yurtimizda rivojlanishi kerak bo‘lgan sohalar juda ko‘p. Barchasi sekin-sekin ko‘tariladi. Shu qatorda futbolimiz ham. Yevropaga, Angliya futboliga qiziqamiz-ku, lekin ularning infratuzilmasi, uzoq yillar davomida qilgan ishlarini biz hali qilolmaymiz. Shuning uchun biz o‘zimizga mos, o‘zbekligimizga xos tarzda ishlashda davom etishimiz lozim. Jahon chempionatiga chiqishimiz uchun uydagi hamma o‘yinda yutsak bo‘ldi, boshqa narsa kerak emas.
– Klublarimiz xususiy bo‘lishi uchun nima qilish kerak?
– Bilasiz, prezidentimizning barcha klublarni xususiylashtirish to‘g‘risida qarori chiqqan. Biz buning uchun ularni boyitishimiz kerak. Savol tug‘iladi, qanday qilib? Keling, jamoalar stadionlari yoniga park quraylik, tibbiy markaz quraylik. Shularning hammasi jamoaga ishlasa, budjetiga foyda keltirsa, ertaga klubni sotib oladigan insonga ham bu qiziqarli va manfaatli bo‘ladi. Stadionni sotib olaman, o‘rniga uy quraman, demaydi. Shu stadionni yuritaman, klubni rivojlantiraman, deydi. Chet eldagi jamoalarning stadionlariga qarang, muxlislar uchun ichida hamma sharoiti bor. Chempionatimiz klublari ham shunday rivojlanishlari lozim. Bir narsa o‘sib, bir narsa qolib ketmaydi.
Muxlislarning stadionlarga tashriflari ham muhim ahamiyatga ega. O‘ylaymanki, yurtimizda sekin-asta oylik maoshlar oshib, yashash sharoitlari joyiga tushsa, odamlar bemalol, xuddi kinoteatrga tushganda maza qilib, madaniy hordiq olganidek futbol tomosha qilishga keladi. Qolaversa, bolalar o‘ynaydigan maxsus hududlar tashkil qilish lozim. Ular keyin ota-onalarini olib keladi, "Yuringlar, futbol ko‘raman", deb.
Hamma narsa qilish kerak, shunda klubni sotib oladigan odamga qiziq bo‘ladi. Foyda kelmaydigan jamoani kim sotib oladi? Ularga yer berish kerak, stadion atrofida odamlarni qiziqtiradigan ob’ektlarni barpo etsa, o‘ylaymanki, muxlislar uchun ham bu juda qiziqarli bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar