12:22 / 23.02.2022
953

O‘FA Oybek Bozorov va Cheranni 2 ta, Sherzod A’zamovni esa 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qildi

O‘FA Oybek Bozorov va Cheranni 2 ta, Sherzod A’zamovni esa 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qildi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi 2021-yilgi mavsum so‘nggi turida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda yuz bergan holatlar bo‘yicha qarorlar chiqardi.

Jumladan, 2021-yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston kubogi yarim final doirasidagi “Paxtakor” — “Bunyodkor” uchrashuvida “Paxtakor” jamoasi futbolchisi Dragan Cheran o‘yinning 21-daqiqasida to‘p uchun kurashda oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisining tizza qismiga zarba bergan. Hakam ushbu vaziyatda uni uchrashuvdan chetlashtirgan. Shuningdek, mazkur o‘yinda “Paxtakor”ning yana bir futbolchisi Sherzod A’zamov 120+2 daqiqada o‘yin qoidasini jiddiy tarzda buzgani, ya’ni to‘p uchun kurashda oyog‘ining tag qismi bilan raqib futbolchisi oyog‘ining kaft qismiga zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Paxtakor” jamoasi futbolchilari Dragan Cheran 2 ta o‘yinga, Sherzod A’zamov esa 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va ularning har ikkisiga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston kubogi yarim final doirasidagi yana bir bahs “AGMK” — “Nasaf” uchrashuvida mehmonlar futbolchisi Marko Stanoyevich o‘yinning 61-daqiqasida qoidani jiddiy ravishda buzgan. Ya’ni u to‘p uchun kurashda oyog‘ining tag qismi bilan raqib futbolchisining tizza qismiga zarba bergan va o‘yindan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, unga nisbatan 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilish va jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, 2021-yilning 4-dekabr kuni “Paxtakor” — “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi final uchrashuvining 34-daqiqasida “Nasaf” jamoasining futbolchisi Oybek Bozorov o‘yin qoidasini jiddiy tarzda buzgani, ya’ni to‘p uchun kurashda oyog‘ining tag qismi bilan raqib o‘yinchisining to‘piq qismiga kuchli zarba bergani uchun maydondan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Nasaf” klubi futbolchisi Oybek Bozorov 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

O‘zbekiston Superligasining 25-turidan o‘rin olgan “Andijon” — “Navbahor” uchrashuvining 89-daqiqasida “Andijon” jamoasi safida harakat qilgan Usmonali Ismonaliyev “Navbahor” jamoasi muxlislari joylashgan sektorga qarab nojo‘ya harakatlarni amalga oshirgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Usmonali Ismonaliyevga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston Superligasining 26-turidan o‘rin olgan “Nasaf” — “Lokomotiv” uchrashuvida “Nasaf” jamoasi futbolchisi Jo‘rabek Mannonov o‘yinning 65-daqiqasida qoidani jiddiy buzgan, ya’ni oyog‘ining tag qismi bilan raqib futbolchisi oyog‘ining kaft qismiga zarba bergan va o‘yindan chetlashtirilgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Nasaf” jamoasi futbolchisi Jo‘rabek Mannonov 2 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

O‘zbekiston Superligasining 26-turidan o‘rin olgan yana bir uchrashuv — “Surxon” — “Mash’al” bahsida mehmonlar vakili Najmiddin Normurodov o‘yinning 90+6 daqiqasida raqibga orqa tomondan yelkasi bilan zarba bergan. Hakam ushbu vaziyatda uni o‘yindan chetlashtirgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Mash’al” jamoasi futbolchisi Najmiddin Normurodov 1 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi.

Shuningdek, Superliganing ushbu turidan o‘rin olgan “AGMK” — “So‘g‘diyona” uchrashuvida “AGMK” jamoasi futbolchisi Aleksandr Kasyan o‘yin yakunidan so‘ng hakamlikdan noroziligini qo‘pol tarzda bildirgan va unga qizil kartochka ko‘rsatilgan. Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Aleksandr Kasyan 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va unga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘FA Oybek Bozorov va Cheranni 2 ta, Sherzod A’zamovni esa 3 ta o‘yinga diskvalifikatsiya qildi