"Oʻzbekiston chiroyli yurt, Odil Ahmedov vitse-prezident? U - oʻta aqlli yigit" - Ari oʻzbek matbuotiga intervyu berdi

Yaqinda saytimiz orqali xabar berganimizdek, braziliyalik koʻzga koʻringan futbolchi, Rossiyada bir necha yillar samarali faoliyat olib borgan hujumchi Ari biz bilan suhbatlashishga rozi boʻldi. Aytish kerakki, u ilk bor oʻzbek matbuotiga intervyu berdi.
Avvalo ushbu oʻyinchi haqida ma'lumot berib oʻtsak, Arining toʻliq ism-familiyasi Ariklenes da Silva Ferreyra. 1985 yilning 11 dekabr kuni Fortazelada tavallud topgan. Faoliyatini Braziliyada boshlagan va “Avai” hamda “Fortaleza”da toʻp surgan. 2010 yilga qadar Shvetsiyaning “Kalmar” va Niderlandiyaning “Az Alkmar” klublarida oʻynadi. 2010 yilda esa Rossiyaga keladi va “Krasnodar” bilan shartnoma imzolaydi.
U yogʻini oʻzingiz ham yaxshi bilsangiz kerak, Ari “Krasnodar”dan tashqari “Spartak” bilan “Lokomotiv”da ham toʻp surdi. Shuningdek, Rossiya terma jamoasi sharafini ham oz boʻlsa-da, himoya qildi. Hozirgi kunda u Braziliyada. Aniqrogʻi, oʻtgan yili yurtiga qaytishni lozim topdi. U erda “Atletiko Searensa” jamoasi safida faoliyatini davom ettiryapti.
- Biz uchun biroz vaqt ajratganingizdan minnatdormiz. Sizni Oʻzbekistonda ham yaxshi bilishadi. Chunki Rossiya chempionatidagi oʻyinlaringizni koʻp koʻrishgan. Adashmasam, hozir Braziliyadasiz. Nima uchun?
- Men bu haqida eshitishdan juda xursandman. Oʻzbekiston – chiroyli yurt. Ha, men Braziliyaga qaytdim. Chunki Rossiyadan yaxshi takliflar boʻlmagani bois mana shunday toʻxtamga keldim. Albatta, bir-ikkita aniq takliflar boʻlgandi. Ammo kelishuvning shartlari borasida fikrimiz bir joydan chiqmagani uchun ona yurtimga qaytishga qaror qildim.
- Siz Rossiyada “Spartak”, “Krasnodar” hamda “Lokomotiv” klublarida samarali faoliyat olib borganingizni bilamiz. Ayting-chi, qaysi klubdagi faoliyatingizdan koʻproq xursand boʻlgansiz?
- Oʻzim toʻp surgan har bir klub men uchun oʻziga xos tarixdir. Shu sabab ulardan birini alohida ajratib koʻrsatishim mushkul. Har bir jamoa va bosh murabbiy tufayli men oʻziga yarasha tajriba toʻpladim. Ammo “Krasnodar”da faoliyatimning anchagina salmoqli qismini oʻtkazdim. Shu sababdan ham mazkur klub haqidagi xotiralarim boshqalardan keskin farq qiladi.
- Rossiyada 10 yildan ortiq vaqt davomida yashadingiz. Shunday ekan, Rossiya siz uchun ikkinchi uy boʻlsa kerak-a?
- Shak-shubhasiz, Rossiya – men uchun ikkinchi uy. Oxir-oqibat ham oilam bilan yana Rossiyaga qaytib yashashni maqsad qilganmiz.
- Bundan tashqari, Rossiya pasportini ham olgansiz va mamlakat terma jamoasi uchun oʻynagansiz. Sizningcha, ushbu terma jamoadagi rejalaringiz amalga oshganmi?
- Bu men uchun ulkan faxr. Mamlakat bosh jamoasining bir qismi boʻlishni har qanday futbolchi faqat orzu qiladi. Menda pasportni olish borasida kutilmagan muammolar boʻlgan. Agar oʻsha muammolar boʻlmaganida men terma jamoa tarkibida yanada koʻproq uchrashuvlar oʻtkazgan boʻlardim.
- Shuningdek, “Krasnodar” klubida hamyurtimiz Odil Ahmedov bilan ham birga toʻp surgansiz. Ayting-chi, u siz uchun qanday futbolchi edi?
- Ha, men Odilni yaxshi eslayman. Ajoyib yigit va a'lo darajadagi futbolchi. Agar xato qilmayotgan boʻlsam, u Oʻzbekiston terma jamoasining sardori sanalardi.
- Hozirda Odil Ahmedov futbolchilik faoliyatini tugatgan va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasida vitse-prezident lavozimida ishlayapti. Bundan xabaringiz bormi?
- Rostdanmi, men bundan bexabar ekanman! Odil – oʻta aqlli yigit. Oʻylaymanki, u mana shunday mas'uliyatli lavozimni egallash orqali juda toʻgʻri qaror qabul qilgan. Oʻyinchilik faoliyatini yakunlashi bilan Ahmedovning mana shunday lavozimga tayinlanishi uning futbol bilan aloqasi yana davom etishidan faqat xursandman.
- Yana bir hamyurtimiz Eldor Shomurodov ham Rossiya chempionatida porladi. Uning shu darajaga chiqishini kutganmidingiz? “Roma”dagi kelajagini qanday baholagan boʻlardingiz?
- Men bu futbolchi haqida toʻgʻrisi, unchalik koʻp ma'lumotga ega emasman. Faqat shuni bilamanki, u Oʻzbekistonda yil futbolchisi lauretiga munosib koʻrilgan. Oʻshanda u mana shunday e'tirofga “Rostov”da oʻynab yurgan kezlarida sazovor boʻlgandi. Oʻylaymanki, “Roma”da albatta Shomurodovning ishlari yurishib ketadi. Bu borada unga faqat omad yor boʻlishini tilayman.
- Umuman aytganda, oʻzbek futboli toʻgʻrisida qanday ma'lumotlarga egasiz?
- Oʻzbekiston terma jamoasining Osiyodagi eng etakchilaridan biri ekanligini yaxshi bilaman. Rostini aytsam, hozirda men sobiq ustozim Murod Musaev boshqaruvidagi “Sabox” klubini koʻproq kuzatib boryapman.
Shuhratbek Joʻraev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar