date
views 1 838

Xamzat Chimaev — fenomen emas! Qodirovning yoqimtoyi UFC'da raundni yutqazdi, nokdaun boʻldi va chehrasi bejaldi

Хамзат Чимаев — феномен эмас! Қодировнинг ёқимтойи UFC'да раундни ютқазди, нокдаун бўлди ва чеҳраси бежалди
Berns bilan dahshatli jang boʻldi...

Xamzat Chimaev — ikki yildan beri dunyoni aqldan ozdirayotgan UFC'ning kelajakdagi yulduzi. Tashkilotda bor-yoʻgʻi 4 ta jangda shvetsiyalik chechen yulduzga aylandi: u atigi 1-2 ta zarbani oʻtkazib yubordi, raqiblarini imkoniyatsiz magʻlub etdi va uni Xabib bilan taqqoslashni boshlashdi. Har bir jangda Xamzat raqiblariga jangning boshida tashlandi va ularni yanchib tashladi.

Vaznning ikkinchi raqamli jangchisi bilan toʻqnashuv Chimaev uchun sinov boʻldi. Zero, Gilbert yarim oʻrta vazn toifasidagi eng yaxshilardan biri, u chempionlik uchun 2021 yilning fevralida jang qilgandi. Oʻshanda u Kamaru Usmanni nokaut qilishga sal qolgandi. Berns kuchli zarbaga ega, shuningdek u yaxshi kurash olib boradi: braziliyalikni parter holatiga yotqizish juda ham qiyin. Hatto u bilan Kamaru Usman ham kurashishni istamadi.

Chimaevga kelsak, uning ustun tomoni ham kurash. Uning hech bir jangi ikki raunddan oshmagan.

Bernsga qarshi jang dahshatli toʻqnashuv boʻldi. Xamzat jangdan avval Ramzan Qodirov bilan gaplashdi, undan soʻng esa oktagonda qonli olishuvni koʻrsatib berdi

Berns bilan jang oldidan Chimaev Qodirov bilan yuzma-yuz gaplashgan — jangchi Checheniston Respublikasi rahbari bilan doʻst boʻlib, uning oldiga borgan. Taxminlarga koʻra, aynan Qodirov 2021 yilda jangchi koronavirusga chalingan paytda Chimaevni sportga qaytishga koʻndirgan. Chimaev janglar oldidan xotirjam: u beparvolik bilan qahva ichadi va muxlislar bilan suratga tushadi. UFC 273 oldidan boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida esa u jurnalistlarning savollariga dangasalik bilan javob berib, telefonida karta oʻynadi.

Garchi koʻpchilik Bernsga ishonmasa ham, u Chimaevga faoliyatidagi eng qiyin jangni taqdim etdi. Berns yaxshi himoyalandi. Xamzat buni yaxshi tushunib yetdi va behuda kuch ketkazmadi. Shuning uchun, jang toʻliq turgan holda boʻldi.

Birinchi raundda Xamzat ustunlik qildi va Bernsga bosim oʻtkazdi, braziliyalik esa kuchli yakka zarbalar bilan javob qaytardi. Braziliyalik juda ogʻir zarbaga ega va buni Chimaev yaxshigina his qildi.

Birinchi raund oʻzaro hujumlar ostida oʻtdi, biroq Chimaev tashabbusni oʻz qoʻliga oldi va koʻproq kuchli, nokaut qilishga qaratilgan zarbalar berdi — 18 taga qarshi 27 (boshiga 15-11).

Ammo ikkinchi raundda Berns toʻliq kuchini koʻrsatishni boshladi: u Chimaevni toʻxtata boshladi, koʻp va qattiq zarbalar berdi. Xamzat esa biroz hayajonlanib qoldi. Chimaevning kuch-quvvati tugab borayotgani sezildi, shuning uchun Chimaevning aql bovar qilmaydigan kardiosi haqidagi afsona boʻrttirilganligi bilinib qoldi. Shu bilan birga, 35 yoshli Berns ham ancha charchab qolgandi: u bor kuchini ikkinchi besh daqiqalikka ishlatib qoʻydi. Ikkinchi raund Bernsning foydasiga hal boʻldi 56:37 (45-29 boshiga). Soʻnggi soniyalarda esa Berns kutilmaganda Xamzatni nokdaun holatiga ham tushirdi.

Ustunlik Berns tomoniga oʻtayotgandek tuyyuldi, ammo uchinchi raund boshida ma'lum boʻldiki - braziliyalikning kuchi tugab qoldi. Chimaev buni payqadi va Bernsni nokaut qilishga urindi, biroq chechenning zarbalari ham ancha kuchsizlanib qolgandi. Chunki uning ham kuchi deyarli qolmagandi.

Chimaev UFC'da TOP ekanligini isbotladi, biroq u fenomen emas. Kovington bilan jang qilishi mumkin, biroq Kamaruga kuchi yetmasligi ehtimoli bor

Chimaev jangda bir ovozdan gʻalaba qozondi va bu tabiiy hol. Jang teng boʻldimi? Boʻldi. Bernsning jangini sensatsiya deb boʻlmaydi, chunki koʻpchilik Berns katta tajribaga ega boʻlgan eng yaxshi UFC jangchilardan biri ekanligini bilar edi. Chimaev hali bunday qarshiliklarga duch kelmagandi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi – Chimaev atrofidagi shov-shuv adolatlimi? Negaki, koʻpchilik Xamzat Bernsni oson magʻlub etadi deb oʻylagandi, ammo yakunda Xamzat braziliyalikni oson magʻlub eta olmadi. Uning oʻrniga bitta raundni yutqazdi, nokdaun boʻldi va yuzini dahshatli jarohatlar oʻrab oldi.

Chimaevning atrofidagi maqtovlar yoʻqoldimi? Ha va yoʻq. Berns — reytinging ikkinchi raqamli jangchisi. Ammo Chimaev uni yakdil qaror bilan magʻlub etdi. Bungacha Gilbert yarim oʻrta vazndagi 6 ta jangning 5 tasida gʻalaba qozonib, faqat Kamaru Usmanga yutqazgan. Shunday ekan, Chimaevning bunday jangchi ustidan qozongan gʻalabasi Xamzatning UFC'ning eng yuqori pogʻonalaridan birida boʻlishga munosib.

Ammo u FENOMEN emasligi ma'lum boʻldi. Uni Xabib bilan solishtirishga hali erta: Nurmagomedov butun faoliyati davomida ustunlik qildi va raqiblariga imkoniyat qoldirmadi. Chempionning jangiga hech kim dosh bera olmadi, biroq Chimaev ilk xavfli jiddiy raqibning oʻzida qiyinchilikka uchradi.

Chimaev va Berns dahshatli jang namoyish etib berishdi va buning uchun mukofotlanishdi. Bernsning zarbalarini Xamzat his qilgani aniq. Ikkinchi raundda nokdaunga tushib qoldi. Shu bilan birga aytish kerakki, Xamzat zarbaga turib bera oladigan jangchi ekanligini ham koʻrsatib berdi. U bir nechta kuchli zarbalarni oʻtkazib yubordi, ammo nokaut boʻlmadi.

Endi nima boʻladi? Jang oldidan Uayt agar Chimaev gʻalaba qozonsa, Kovingtonga qarshi da'vogarlik jangida ishtirok etadi dedi. Biroq bu jangni Kolbi istaydimi? Aftidan, amerikalikning oʻzi endi kamarni quvib, Usman bilan uchinchi marta uchrashishni istamaydi

Kolbi katta ehtimol bilan Dastin Porega qarshi jang qilmoqchi. Bu jang uchun ancha xavfsiz va katta foyda olib keladi. Xamzatga qarshi jang esa biroq qiyin boʻlishi mumkin, chunki chechenning gavda tuzilishi ancha katta. Xamzatning oldida Kolbi juda kichik boʻlib qoladi.

Kolbiga qarshi boʻlajak jangda Xamzat ustunlik qilishi mumkin. Xamzatning Kolbiga qarshi parterda ishlashi ancha qiyin, chunki Kovington yerda ancha yaxshi harakat qiladi. Shuningdek AQSh vakilining kardiosi ham joyida. Xamzat raqibini turgan holda nokaut qilishi mumkin.

Biroq Xamzat Chimaevning vazn chempioniga qarshi jang qilishiga hali ancha borga oʻxshab qoldi. U bu jangda aniq anderdog boʻladi. Kamaru hech bir jabhada raqibidan kuchsiz emas. Shuningdek, Kamaruning gavdasi ham yarim oʻrta vazn uchun ancha kattalik qiladi va ular orasida farq katta boʻlmaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Xamzat Chimaev — fenomen emas! Qodirovning yoqimtoyi UFC'da raundni yutqazdi, nokdaun boʻldi va chehrasi bejaldi