Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident mamlakatimizda IT sohasida katta natijalarga erishilayotganini qayd etdi va bugun mavjud bo‘lgan sanoat salohiyati dunyodagi ko‘pgina davlatlarda yo‘qligini ta’kidladi.
«Biz mana shunday noyob salohiyatimizni yanada rivojlantirish, yurtimizni qudratli industriya makoniga, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, jahon bozorida raqobatbardosh bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy mamlakatga aylantirish bo‘yicha katta-katta dasturlar qabul qilganmiz va ularni albatta amalga oshiramiz.
Biz nafaqat mohir paxtakor va bog‘bonlar o‘lkasi, balki yuqori malakali IT mutaxassislar, injener va energetiklar, konchi va metallurglar, fizik va kimyogarlar mamlakati bo‘lishimiz kerak.
O‘zbekistonimizning yer osti va yer usti boyliklari ko‘p. Lekin bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz – bu yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli xalqimizdir.
Bo‘lib o‘tgan saylovlar bu haqiqatni yana bir bor isbotladi.
Barchamiz, millatimiz, tilimiz va dinimizdan qat’i nazar: dunyomiz, el-yurtimiz tinch bo‘lsin, O‘zbekistonimiz obod va farovon bo‘lsin, farzand va nevaralarimiz sog‘lom bo‘lib, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallab, hayotda o‘z o‘rni va baxtini topsin, degan ezgu niyat bilan yashaymiz.
Biz mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat va elat vakillariga o‘z tili, madaniyati, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishni izchil davom ettiramiz.
Ishonchim komil, azaldan do‘stlik va hamjihatlik maskani sifatida shuhrat qozonib kelgan O‘zbekiston zamini bundan buyon ham chinakam insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori bo‘lib qoladi», dedi davlat rahbari.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring