05:40 / 24.03.2024
264

Sun’iy intellekt yordamida Muhammad payg‘ambar hayoti haqidagi ilk serial yaratildi

Sun’iy intellekt yordamida Muhammad payg‘ambar hayoti haqidagi ilk serial yaratildi
Foto: Qalbox
Muhammad payg‘ambarning hayoti haqidagi veb-serial birinchi marta sun’iy intellekt (SI) yordamida Pokiston va Singapur ijodkorlari tomonidan yaratildi. Bu haqda Arab News xabar berdi.

«Muhammad: olamlar uchun rahmat» (ing. «Muhammad: The Mercy for the Multiverse») deb nomlangan veb-serial musulmonlar uchun ko‘ngilochar videoxizmatlarni taqdim etuvchi MuslimPro tarkibiga kiruvchi Qalbox va ma’naviy ta’lim uchun onlayn platforma bo‘lgan Qur'anscape hamkorligi mahsulidir.

MuslimPro veb-saytida payg‘ambarning vizual tasvirini o‘z ichiga olmagan serial tavsifida shunday deyilgan:

«Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hayotini, payg‘ambarlikdan oldingi bosqichlarni, vahiydan keyingi qiyinchiliklarni va shafqatli tabiatini tasvirlovchi animatsion serialga sho‘ng‘ib keting».

Qalbox va Qur'anscape global dizayn jamoasi a’zolari Singapur, AQSH, Buyuk Britaniya va Pokistonda istiqomat qiladi. Texnik ishlarning asosiy qismi Pokistonda amalga oshirildi. Ssenariy muallifi pokistonlik Fotima Sattor bo‘lib, serialga Qur'anscape bosh direktori bo‘lgan pokistonlik Abbos Arslon prodyuserlik qildi.

Lohur shahrida joylashgan Prompt Media Lab asoschisi Imod Xolid esa serialga rejissyorlik qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoa «chuqur mazmunli hikoyalarni bayon qilish uchun» generativ sun’iy intellektdan birinchilardan bo‘lib foydalangan.

«Ushbu texnologiya bizga avlodlar uchun qadrli bo‘lgan hikoyalarni bugungi kunning turli auditoriyalari uchun sodda va tushunarli tarzda taqdim etish imkonini berdi», dedi Xolid.

Ssenariy muallifi Fotima Sattor turkum uchun tadqiqotini mashhur pokistonlik-amerikalik olim Yosir Qoziy ma’ruzalari bilan boshlaganini aytdi.

«Muddat juda qisqa edi, shuning uchun men bundan ortig‘ini o‘qishga ulgurmadim, lekin bizda muftiy (ulamo) bor, u barcha loyihalarni o‘qib chiqdi va men yo‘l qo‘ygan xatolarni mehr bilan tuzatdi», dedi Sattor.

Ijrochi prodyuser Said Xonning aytishicha, Muhammad payg‘ambar davrining o‘ziga xos muhiti va madaniyatini qayta tiklash ba’zi muammolarni keltirib chiqargan. Tasvirlarni mualliflarni qoniqtiradigan darajada yaxshilash uchun SI tahrirlash vositalaridan keng foydalanilgan.

Serial 10 qismdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi MuslimPro tomonidan faqat Qalbox platformasida namoyish etiladi.

«Serial haqidagi sharhlar juda ijobiy bo‘ldi... Marketing va reklama harakatlari natijasida serial Qalbox platformasining eng muvaffaqiyatli shoularidan biriga aylandi», dedi Said Xon.

«Serial AQSH, Fransiya, Indoneziya, Buyuk Britaniya, Kanada va Malayziya kabi mamlakatlarda yaxshi kutib olindi, tomoshabinlar yangi seriyalarni intizorlik bilan kutmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi ijobiy sharhlar, tomoshabinlar serialni oila va do‘stlar bilan baham ko‘rishi uning ta’siri yanada kengayib borishini ta’minlaydi», deb qo‘shimcha qildi Xon.

Muhammad payg‘ambar, Sun’iy intellekt, ilk serial

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Sun’iy intellekt yordamida Muhammad payg‘ambar hayoti haqidagi ilk serial yaratildi