Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yangi jihozlar o‘rnatildi

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga 4 milliard 195 million so‘mlik zamonaviy tibbiy jihozlar keltirib o‘rnatildi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yuksaltirish, tizimdagi muassasalar moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy tibbiy-diagnostik jihozlar bilan ta’minlanishi aholi salomatligini asrash va davolash ishlari samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Klinikaga taqdim etilgan raqamli rentgen apparati, EKG, komputer tomografiya, biologik mikroskop, avtomatlashgan bioximik analizator singari qator tibbiy jihozlar aholi, ayniqsa, onalar va bolalar salomatligini asrash, xastaliklarni erta aniqlash va samarali davolash, umuman, tibbiy xizmat sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, – deydi Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi bosh shifokori Bahodir Rahmonov. – Zamonaviy va mutlaqo xavfsiz bo‘lgan ushbu tibbiy jihozlar aniq tashxis qo‘yish, turli kasalliklarning oldini olish va bartaraf etish imkonini beradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing