22:54 / 17.09.2016
6 176

Qoraqalpog‘istonlik yigit qanday qilib Facebook xodimiga aylanganini aytib berdi

Qoraqalpog‘istonlik yigit qanday qilib Facebook xodimiga aylanganini aytib berdi

Qoraqalpog‘istonlik yosh yigit Aziz Murtazoyev qanday qilib Facebook’ga ishga kirganini aytib berdi. Hozirda u kompaniyaning Londondagi idorasida ishlaydi. Yaqinda qozog‘istonlik videobloger Kuan7777 o‘zining You Tube’dagi kanalida Aziz bilan bo‘lgan intervyuni joylashtirdi, deb yozmoqda "Kun" nashri.

“Men Nukusda tug‘ilib, voyaga etdim. Bu shaharda maktab yillarim o‘tdi. Yoshligimdan matematikaga qiziqib keldim. Turli olimpiadalarda qatnashdim. Shuningdek, ingliz tilini o‘rgandim. Qaysidir sohani tanlash kerak bo‘lgan payt men O‘zbekiston Milliy universitetining iqtisodiyot fakultetiga topshirdim. Avvaliga menga barchasi qiziq tuyuldi, keyin esa gumanitar fanlar men uchun emasligini tushunib etdim. Bir kuni uchinchi bosqichda kursdoshlarimdan biri talabalar uchun bepul dasturlash kursi ochilayotganini aytib qoldi. Bir necha darslardan so‘ng dasturlash boshqalarga nisbatan aynan men qiziqqan soha ekanligini angladim. Uch oyli kursdan so‘ng bizda yakuniy loyihalar o‘tkazildi. Loyihalar natijasiga ko‘ra, Toshkent kompaniyalari amaliyot o‘tash uchun talabalarni tanlab olishdi. Shunday qilib, men kompaniyalarning biriga qabul qilindim va u erda 6 oy ishladim. Bu esa menga qimmatli tajriba bo‘ldi. O‘qishimni tugatgach, kim bo‘lib ishlayman, degan savol men qiynardi. Men AT kompaniyalarining birida ishlashga qaror qildim”.

“Men Toshkentdagi Amerika kompaniyasiga ishga joylashdim. U erda amaliyot bo‘yicha katta bilimlarga ega bo‘ldim. Biroq ikki yillik ish jarayonidan so‘ng, menga kompyuter sohasining nazariy asoslari etishmayotganini his qildim. Kompyuter sohasi mutaxassisligi bo‘yicha magistraturaga topshirdim. Turli mamlakatlardagi universitetlarga hujjat topshirib, natijada Koreyaning Aju universitetiga kirdim. Besh yarim yil Janubiy Koreyada o‘tgan yillar hayotimdagi eng muhim kunlarga aylandi. Ikki yil magistratura ta’limidan so‘ng tanlovdan o‘tib, Samsung Electronics jamoasiga qabul qilindim. Biz Samsung flagman telefonlari uchun foydalanuvchi interfeysini ishlab chiqdik. Samsung Electronics’da umumiy hisobda 3,5 yil faoliyat olib bordim. O‘sha vaqt men o‘zim uchun yangi tajriba, yangi ish kerakligini his qildim”.

“Bir kuni Facebook’da rekruter chiqib, menga kompaniyada o‘z kuchimni ko‘rsatishni taklif qildi. Sizga ma’lumki, Facebook dasturchilar uchun eng yaxshi kompaniya sanaladi. Albatta, bu taklif meni qiziqtirib qo‘ydi. Skayp orqali turli intervyular tashkil qilindi. Har biri 60 daqiqa davom etdi, ilk 15 daqiqa ular men haqimda va to‘plagan tajribam to‘g‘risida so‘rashdi. Keyin esa algoritmli vazifalar yo‘llashdi. Birinchi intervyu juda yaxshi o‘tdi, ikkinchisi esa men kutgandek oson kechmadi. Ular asosan mening Android tizimiga bo‘lgan qiziqishim va shaxsiy tajribamni hisobga olishganini ta’kidlashdi. Men o‘sha vaqt dastur yaratdim va uni Google Play’ga joylashtirdim. Ularga dastur juda yoqdi va meni Kaliforniyadagi Facebook bosh ofisiga taklif qilishdi: mening yashashim, parvoz qilishim uchun barcha xarajatlarni ko‘tarishdi. Bosh ofisda men birdaniga 4 etakchi mutaxassis bilan suhbat qurdim. Natijada menga quvonchli xabarni etkazishdi va men ishga qabul qilindim".

"Facebook bilan bir qatorda Amazon kompaniyasiga ham rezyume topshirdim. U erda ham men barcha sinovdan o‘tib, ishga taklif qilindim. Biroq meni Facebook’dagi ish ko‘proq qiziqtirdi. Bir yil avval men kompaniyaning Londondagi ofisida ishlay boshladim. Bu erda qariyb 800 kishi ishlaydi. Ish uchun sharoit ajoyib. Ish samaradorligi uchun barcha taomlar, ichimliklar bepul beriladi. Biz boshqa idoralarga o‘xshab ertalabdan kechgacha ishlamaymiz. Ishga istalgan vaqtda kelish mumkin, hattoki, uydan turib ham ishlash mumkin. Idorada biz uchun o‘yin xonalari, dam olish hududlari mavjud. Kompaniya xodimlar ko‘nglini to‘ldirish va ularning ish samaradorligini saqlab qolish uchun barcha ishlarni amalga oshiradi".

"Facebook’ga ishga kirish osonmi? Javob quyidagicha: mukammal bo‘lishga intilish kerak. Ikki yil avval men bu erda ishlashim mumkinligini tasavvur ham qila olmasdim. Olti yil avval men Janubiy Koreyada tahsil olishim va Samsung’da ishlashimni xayolimga ham keltirmagan edim. Sakkiz yil avval, dasturchi emas, iqtisodchi bo‘laman deb yurardim. Barchasi o‘zgacha tus oldi, muhimi, o‘zlikni qidirish, yangi bilimlarni izlash. Men Nukuslik oddiy yigitman va buni uddasidan chiqdim. Siz ham bunga erisha olasiz. Muhimi, bunga ishonish va o‘z ustida ishlash".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Qoraqalpog‘istonlik yigit qanday qilib Facebook xodimiga aylanganini aytib berdi