17:27 / 19.03.2025
78

Buyuk Britaniyada elektr aerotaksi xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Buyuk Britaniyada elektr aerotaksi xizmati yo‘lga qo‘yiladi
AQSHning Joby Aviation kompaniyasi Britaniyaning Virgin Atlantic aviakompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolab, Buyuk Britaniyada elektr aerotaksi xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya rasman ma’lum qildi.

Shu tariqa Buyuk Britaniya tijoriy havo taksilarini joriy etishni maqsad qilgan dunyodagi yettinchi davlatga aylanadi. Joby Aviation avval AQSH va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga e’tibor qaratadi va keyin Britaniya bozoriga kirib borishni rejalashtirmoqda.

Xabar qilinishicha, Dubayda elektr aerotaksi xizmatining dastlabki sinovlari joriy yil oxiri yoki kelasi yil boshida boshlanadi. AQSHda esa bu xizmatni 2025 yilda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi, ammo ma’muriy to‘siqlar tufayli kechikishlar sodir bo‘ldi. Kompaniya AQSH aviatsiya organlaridan sertifikat olish bosqichida turibdi, ammo hali yakuniy ruxsatnoma olmagan.

Buyuk Britaniyada aerotaksi xizmatini boshlash uchun Joby Aviation Britaniya aviatsiya boshqarmasidan sertifikat olishi zarur. Ushbu ariza 2022 yildayoq taqdim etilgan edi. Virgin Atlantic esa mamlakat bo‘yicha Joby Aviation kompaniyasining yagona rasmiy vositachisiga aylanadi.

Loyihaning asosiy g‘oyasi yo‘lovchilarni shahar markazlaridan aeroportlarga elektr aerotaksilar orqali tez va qulay ravishda tashishdir. Boshlang‘ich bosqichda London Xitrou hamda Manchester aeroportlari orasida parvozlar amalga oshiriladi. Kelgusida boshqa yo‘nalishlar ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Joby Aviation havo kemalari bitta uchuvchi, to‘rt nafar yo‘lovchi va kichik hajmli yuklarni tashishga mo‘ljallangan. Ushbu zamonaviy elektr havo taksilari soatiga 320 kilometr tezlikda harakatlanadi. Bu esa Lids va Manchester shaharlari o‘rtasidagi masofani bor-yo‘g‘i 15 daqiqada bosib o‘tish imkoniyatini beradi.

Xizmatning to‘liq joriy qilinishiga hali vaqt bor bo‘lsa-da, Joby Aviation global bozorda o‘z o‘rnini topishni maqsad qilgan. Kelajakda kompaniya nafaqat Buyuk Britaniya va AQSH, balki Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston va Avstraliyada ham aerotaksi xizmatini yo‘lga qo‘yish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno