
Aardvark Weather sun’iy intellekt tizimi ob-havoni an’anaviy usullarga nisbatan tezroq va aniqroq bashorat qila oladi, deb yozadi The Guardian Nature jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga tayanib.
Hozirgi kunda meteorologlar ob-havoni bashorat qilish uchun murakkab algoritmlardan foydalanadi. Ushbu jarayon superkompyuterlarda soatlab vaqt talab qiladi hamda mutaxassislar jamoasi tomonidan boshqariladi. Biroq Kembrij universiteti olimlari Alan Tyuring instituti, Microsoft Research va Yevropa o‘rta muddatli ob-havo prognozlari markazi bilan hamkorlikda yangi, sun’iy intellektga asoslangan yondashuvni ishlab chiqdi.
Tadqiqotchilar neyrotarmoqni turli manbalar—ob-havo stansiyalari, sun’iy yo‘ldoshlar, aerostatlar, kemalar va samolyotlardan olingan ma’lumotlarni tahlil qilishga o‘rgatishdi. Bu esa an’anaviy modellashtirish usullaridan foydalanmagan holda aniq prognozlar yaratish imkonini beradi.
Kembrij universitetining sun’iy intellekt bo‘yicha professori Richard Ternerning ta’kidlashicha, Aardvark Weather tizimi qishloq xo‘jaligidan tortib shamol energetikasigacha bo‘lgan turli sohalar uchun maxsus moslashtirilgan prognozlar taqdim etadi. Shuningdek, bu texnologiya bir mutaxassisga oddiy kompyuterda ham aniq ob-havo prognozlarini tuzish imkonini beradi.
Bundan tashqari, Aardvark Weather sakkiz kun oldindan aniq bashorat bera oladi. Bu esa zamonaviy usullar taqdim etadigan besh kunlik prognozdan ancha uzoq muddatli hisoblanadi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, yangi sun’iy intellekt tizimi alohida hududlar uchun ham aniq ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin.
Foto: Murdo MacLeod/The Guardian “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar