Sobiq xAI xodimlari kelajakni bashorat qilishga yordam beruvchi AI startapini ishga tushirdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- xAI kompaniyasining sobiq xodimlari Guodong Chjan, Zixang Day va Manuel Kroyss kelajakdagi voqealarni bashorat qilishga ixtisoslashgan Epochal startapiga asos soldi.
- Kompaniyaning Time Portal tizimi sun'iy intellektga internetning o'tmishdagi arxiv ma'lumotlaridan foydalanib, voqealar natijasi hali ma'lum bo'lmagan sharoitda prognozlar tuzishni o'rgatadi.
Ilon Maskning xAI kompaniyasida ishlagan uch nafar sobiq hammuassis kelajakdagi voqealarni bashorat qilishga yordam beradigan sun’iy intellekt texnologiyasini rivojlantirish uchun Epochal startapiga asos soldi. Kompaniyaning ilk mahsuloti AI agentlariga internetning o‘tmishdagi arxiv ma’lumotlaridan foydalanib, prognozlar tuzish imkonini beradi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Epochal tomonidan ishlab chiqilgan Time Portal deb nomlangan tizim sun’iy intellektga internetning muayyan sanada qanday ko‘rinishda bo‘lganini qayta tiklash imkonini beradi. Boshqacha aytganda, AI agentlari o‘tmishdagi biror kunni tanlab, aynan o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan veb-saytlar va ma’lumotlarni ko‘rishi mumkin. Bunda keyinroq sodir bo‘lgan voqealar haqidagi ma’lumotlar ulardan yashiriladi.
Kompaniya bu texnologiyani «vaqt portali» deb atagan. Uning asosiy maqsadi sun’iy intellektni o‘tmishdagi voqealarni tahlil qilish va o‘sha paytda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar asosida keyingi natijalarni bashorat qilishga o‘rgatishdan iborat. Masalan, AI agentiga muayyan sanadagi iqtisodiy yoki siyosiy vaziyat haqidagi ma’lumotlar berilib, undan keyin nima sodir bo‘lishini prognoz qilish so‘ralishi mumkin.
Epochal vakillarining fikricha, bugungi sun’iy intellekt modellari internetdagi ma’lumotlar asosida o‘qitiladi. Biroq ular ko‘pincha o‘tmishdagi voqealarning yakuni haqidagi ma’lumotlarni ham ko‘radi. Time Portal esa AI agentlarini voqea natijasi hali ma’lum bo‘lmagan sharoitda qaror qabul qilish va bashorat tuzishga o‘rgatishga qaratilgan.
Yangi startapga Guodong Chjan, Zixang Day va Manuel Kroyss asos solgan. Ular xAI kompaniyasining asoschilaridan bo‘lib, 2026 yil fevral oyida kompaniya SpaceX bilan birlashganidan keyin undan ketgan.
Epochal jamoasiga xAI, OpenAI, Anthropic va Google DeepMind kompaniyalarida ishlagan sobiq mutaxassislar ham qo‘shilgan.
Bloomberg manbasiga ko‘ra, asoschilardan biri Guodong Chjan loyihaga o‘z mablag‘idan 100 million dollar sarmoya kiritmoqda. Biroq kompaniya vakili moliyalashtirish haqidagi ma’lumotni izohlashdan bosh tortgan.
Hozircha Epochal kelajakni insondan aniqroq bashorat qila oladigan tayyor AI modelini taqdim etgani yo‘q. Kompaniyaning dastlabki mahsuloti sun’iy intellektning prognoz qilish qobiliyatini rivojlantirish va sinash uchun mo‘ljallangan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar


























Izohlar0
…