
Google o‘zining eng kuchli sun’iy intellekt (AI) protsessorini — Ironwood’ni taqdim etdi, deb 3dnews.ru sayti xabar berdi. Bu kompaniyaning yettinchi avlod TPU (Tensor Processing Unit) chipi bo‘lib, o‘qitilgan AI modellarini infirens qilish uchun maxsus ishlab chiqilgan birinchi chipdir.
Ironwood Google Cloud infratuzilmasida qo‘llaniladi va ikki konfiguratsiyada taqdim etiladi: 256 ta chipli serverlar va 9216 ta chipli klasterlar.
Google Cloud vitse-prezidenti Amin Vahdat aytishicha, Ironwood — Google’ning eng kuchli, samarali va energiyani tejovchi TPU chipidir. U AI modellarini ishlatish jarayonini tezlashtirish uchun ishlab chiqilgan.
Chip 4614 Tflops (ya’ni 4,6 kvadrillion amal/soniyada) hisoblash quvvatiga ega. 9216 ta Ironwood chipli klaster umumiy 42,5 exaflops quvvatni beradi.
Har bir chip 192 GB tezkor xotira va 7,4 Tbit/s uzatish tezligiga ega. Shuningdek, chip tarkibida SparseCore deb nomlangan maxsus modul mavjud bo‘lib, tavsiyalar tizimi va kengaytirilgan saralash kabi yuklamalarni optimallashtiradi.
Ironwood chipi Google Cloud’dagi AI Hypercomputer infratuzilmasida ishlatiladi.