date
views 114

Barmoqni ekranga qo‘yish kifoya: smartfon orqali suvsizlanish darajasi aniqlanadi

Barmoqni ekranga qo‘yish kifoya: smartfon orqali suvsizlanish darajasi aniqlanadi
Smartfonlar inson hayotining deyarli har bir jabhasida ishtirok etayotgan bugungi kunda ularning imkoniyatlari yana bir yo‘nalishda kengaymoqda. Saudiya Arabistonidagi Qirol Abdulla nomidagi Ilmiy-texnologik universiteti olimlari organizmning suv bilan ta’minlanganlik darajasini — ya’ni gidratatsiya holatini oddiy smartfon yordamida aniqlash usulini yaratdi.

Olimlar zamonaviy smartfonlarda mavjud bo‘lgan sig‘imli sensorlardan foydalanish orqali organizmning suv balansi haqida ma’lumot olish mumkinligini isbotlashdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu sensorlar faqatgina barmoq zaryadini aniqlash bilan cheklanib qolmay, terining dielektrik o‘tish qobiliyatini — ya’ni zaryad to‘plash imkoniyatini ham o‘lchay oladi. Bu ko‘rsatkich esa inson organizmdagi suv miqdori kamayganda sezilarli darajada pasayadi.

Professor Tariq Al-Nafuri boshchiligidagi tadqiqotchilar jamoasi terining dielektrik xususiyatlaridagi o‘zgarishlarga asoslangan maxsus mashinali o‘rganish algoritmini ishlab chiqqan. Bu algoritm insonning gidratatsiya holatini beshta asosiy toifaga ajrata oladi. Tajriba davomida 45 nafar inson ishtirok etdi: ularning 35 nafari Ramazon davomida ro‘za tutuvchi, 10 nafari esa turli intensivlikdagi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanuvchi sportchilar bo‘ldi.

Test jarayoni juda sodda: ishtirokchi faqat o‘z barmog‘ini maxsus sensorga — smartfon ekrani imitatoriga qo‘yadi va o‘zining jinsi hamda vazni haqida ma’lumot kiritadi. Ushbu ma’lumotlar asosida tizim organizmdagi suv miqdori haqida deyarli aniq xulosa chiqaradi. Tajriba natijalariga ko‘ra, bu texnologiya ro‘za tutayotganlarda 87%, sportchilarda esa 92% aniqlik bilan ishlagan.

Loyiha mualliflaridan biri — Sumia Suiyusefning ta’kidlashicha, kelgusida bu funksiyani mobil ilovaga to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilish mumkin bo‘ladi. Shu tariqa, har bir foydalanuvchi o‘z smartfoni orqali organizmdagi suyuqlik muvozanatini doimiy nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Bu innovatsion yutuq nafaqat sportchilar, balki sog‘lig‘iga e’tibor beruvchi har qanday inson uchun foydali kundalik funksiyaga aylanishi kutilmoqda. Suvsizlanish — ko‘plab salomatlik muammolarining ilk sabablaridan biri bo‘lgani uchun, ushbu ixtiro kelajakda tibbiyot va mobil texnologiyalar kesishmasida muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Barmoqni ekranga qo‘yish kifoya: smartfon orqali suvsizlanish darajasi aniqlanadi