date
views 1 143

iPhone 16 dunyo reytingida yana yetakchi: kimlar ortda qoldi?

iPhone 16 dunyo reytingida yana yetakchi: kimlar ortda qoldi?
Apple kompaniyasining yangi flagmani – iPhone 16 modeli 2025 yilning birinchi choragida smartfonlar sotuvi bo‘yicha jahon reytingida yana bir marta birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda Counterpoint Research tadqiqot agentligi o‘zining so‘nggi hisobotida ma’lum qildi. Shu tariqa, so‘nggi ikki yil ichida ilk bor Apple smartfoni reytingdagi eng yuqori pog‘onani qo‘lga kiritdi.

Bu muvaffaqiyatga erishishda Apple nafaqat bazaviy iPhone 16 bilan, balki boshqa modellari bilan ham o‘z kuchini ko‘rsatishda davom etmoqda. Xususan, premium darajadagi iPhone 16 Pro Max ikkinchi o‘rinni, iPhone 16 Pro esa uchinchi o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, Xitoy bozorida arzon modellarga katta miqdorda subsidiyalar berilgani va talab kuchayganiga qaramasdan, Apple'ning flagman va premium smartfonlari ketma-ket uch chorak mobaynida kompaniya sotuvlarining deyarli yarmini tashkil qilmoqda.

Kompaniyaning nisbatan arzon va qulay modeli bo‘lgan iPhone 16e faqat fevral oyida sotuvga chiqqaniga qaramay, mart oyida jahon reytingida oltinchi pog‘onani egallashga erishdi. Uning narxi 2022 yilda chiqarilgan iPhone SE'dan yuqoriroq bo‘lsa-da, takomillashtirilgan texnik imkoniyatlari va ko‘paytirilgan funksiyalari tufayli xaridorlar orasida tez orada yuqori talabga ega bo‘ldi. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, yil yakuniga qadar iPhone 16e o‘zidan oldingi budjet modellarning savdo natijalaridan oshib ketishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, reytingda Samsung ham o‘zining barqaror pozitsiyalarini saqlab qoldi. Ayniqsa, Galaxy A16 5G modeli Shimoliy Amerika va boshqa rivojlanayotgan bozorlardagi yuqori talab hisobiga, yuqori beshlikka kirishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo kompaniyaning premium modeli Galaxy S25 Ultra esa o‘tgan yildagi Galaxy S24 Ultra modeli bilan taqqoslaganda, beshinchi pog‘onadan yettinchi o‘ringa tushib ketdi. Bu holat asosan smartfonning bozorga kechroq chiqqani va birinchi chorakda savdoda kamroq vaqt bo‘lgani bilan izohlanmoqda.

Shuningdek, butun dunyoda budjet segmentidagi smartfonlarga bo‘lgan qiziqish ham jiddiy o‘sishni boshdan kechirmoqda. Narxi 100 dollardan past bo‘lgan smartfonlarning bozordagi ulushi 20 foizga yetib, eng tez o‘suvchi smartfon toifasiga aylandi. Ayniqsa, bu yo‘nalishda Galaxy A06 va Xiaomi'ning Redmi 14C 4G smartfonlari ajralib turmoqda. Jumladan, Redmi 14C 4G Apple va Samsung brendiga tegishli bo‘lmagan yagona smartfon bo‘lib, sotuv hajmi bo‘yicha o‘tgan yildagi Redmi 13C 4G modeliga nisbatan 43 foiz o‘sishni qayd etdi.

Ekspertlarning qayd etishicha, global iqtisodiy beqarorlik, bozor o‘zgarishlari va savdo yo‘nalishidagi turli xil omillarga qaramasdan, smartfon bozoridagi yetakchi o‘rinlar yaqin vaqt ichida sezilarli darajada o‘zgarmasligi taxmin qilinmoqda. Apple va Samsung kabi yirik brendlar esa yaqin kelajakda ham bozorning asosiy o‘yinchilari bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Foto: Lifehacker.ru
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » iPhone 16 dunyo reytingida yana yetakchi: kimlar ortda qoldi?