date

Yapon olimlari energiyani kam sarflaydigan xotira usulini topdi

Yapon olimlari energiyani kam sarflaydigan xotira usulini topdi
Texnologiya olamida yana bir muhim ilmiy yangilik: Yaponiyalik olimlar kompyuter xotirasini boshqarishning tamomila yangi, samarali va energiya tejaydigan usulini yaratishdi. Ushbu ilmiy ish “Advanced Materials” jurnalida chop etildi va dunyodagi barcha raqamli qurilmalar ishlab chiqaruvchilari uchun katta qiziqish uyg‘otdi.

Bugungi kunda noutbuklar, smartfonlar va serverlar kabi moslamalar doimiy ravishda ma’lumot almashishi uchun elektr tokidan foydalanadi. Bu jarayonda issiqlik ko‘rinishida ko‘p miqdorda energiya yo‘qotiladi. Ayniqsa, uzluksiz ishlaydigan qurilmalar uchun bu katta masala. Ana shu muammoni hal qilish maqsadida Tokio Fanlar instituti olimlari ilg‘or materiallar — multiferroik moddalarga murojaat qilishdi.

Multiferroik moddalarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular issiqlikka ehtiyoj sezmasdan, faqat elektr maydoni ta’sirida magnit xususiyatlarini o‘zgartirish qobiliyatiga ega. Ilgari ushbu jarayon faqat elektr va magnit yo‘nalishlarining bir xil bo‘lishida amalga oshishi mumkin, deb hisoblanar edi. Ammo professor Kei Sigematsu boshchiligidagi tadqiqotchilar bunday fikrni inkor etdi.

Tajriba jarayonida BiFe₀.₉Co₀.₁O₃ moddasidan yasalgan yupqa plyonkalar sinovdan o‘tkazildi. Natijada, olimlar hatto elektr maydoni magnit signalga burchak ostida yo‘naltirilganda ham xotirani aniq va barqaror boshqarish mumkinligini isbotlashdi.

Texnologiyaning istiqbollari nimada?

Bu yangilik raqamli qurilmalar uchun yangi avlod xotira texnologiyasini yaratishda tramplin vazifasini o‘taydi. Ya’ni, elektrod va sensorlarni yanada moslashuvchan va erkin joylashtirish imkoni paydo bo‘ladi. Ushbu usul orqali kompyuter va smartfonlar yanada ixcham, kuchli va energiya samarador bo‘lib qoladi.

— “Bizning texnologiyamiz kelajakda kompyuterlar va mobil qurilmalar uchun tejamkor, kuchli va barqaror xotira yaratishga zamin yaratadi”, — deydi professor Sigematsu. “Ayniqsa, dunyoda milliardlab raqamli qurilmalar ishlatilayotgan, ular esa tobora ko‘proq energiya sarflayapgan bir vaqtda, bu kabi yutuqlar hayotimiz uchun katta ahamiyatga ega”.

Yaponiyalik olimlarning kashfiyoti nafaqat texnologik taraqqiyotga, balki ekologik barqarorlikka ham xizmat qiladi. Yaqin kelajakda bu usul asosida ishlab chiqariladigan xotira bloklari butun dunyo kompyuter industriyasida inqilob yaratishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Yapon olimlari energiyani kam sarflaydigan xotira usulini topdi