date

Xitoy qarilarga xizmat qiluvchi robotlarni ommaviy sinovdan o‘tkazadi

Xitoy qarilarga xizmat qiluvchi robotlarni ommaviy sinovdan o‘tkazadi
Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining navbatdagi innovatsion tashabbusi demografik o‘zgarishlarga javoban ilgari surilmoqda. Yurt aholisi tez sur’atlarda qarimoqda, biroq ularga xizmat ko‘rsatadigan va parvarishlaydigan mehnat resurslari kundan-kunga qisqarib bormoqda. Shunday sharoitda Xitoy hukumati keksalarni parvarish qilish sohasiga robotlashtirilgan texnologiyalarni joriy etish orqali muammoni texnik yechimlar bilan hal qilishga qaror qildi.

South China Morning Post nashrining xabar berishicha, ushbu tajriba loyihasi Xitoyning Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hamda Fuqarolik ishlari vazirligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. Uning asosiy vazifasi — texnologiyalar yordamida keksa avlodga ko‘rsatilayotgan yordamni soddalashtirish, oilaviy yuklamani yengillashtirish va parvarish tizimining infratuzilmasini zamonaviylashtirishdan iborat.

Loyihada uy sharoitida, jamoaviy markazlarda va ixtisoslashtirilgan muassasalarda foydalanish mumkin bo‘lgan robotlar bo‘yicha sinovlar o‘tkaziladi. Robotlar nafaqat jismoniy yordam ko‘rsatadi, balki nogironligi bo‘lgan insonlarga kundalik faoliyatda ko‘maklashadi, hissiy qo‘llab-quvvatlaydi, “aqlli turmush” elementlarini tatbiq etadi va kognitiv buzilishlar bilan yashayotganlar uchun alohida xizmat turlarini taqdim etadi.

Muhim jihatlardan biri shuki, ushbu loyiha Xitoyning ilg‘or texnologik kompaniyalari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Ular hozirda allaqachon humanoid robotlarni ishlab chiqish va uyda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ustida faol ish olib bormoqda.

Pilot dasturda ishtirok etish istagini bildirgan kompaniyalar quyidagi shartlarga rioya qilishi kerak: kamida 200 ta robotni 200 ta alohida xonadonda sinovdan o‘tkazish yoki 20 ta texnologik yechimni 20 ta ijtimoiy muassasa va jamoalarda amalda qo‘llash. Shuningdek, ular robotlar orqali ko‘rsatiladigan xizmatlarning sifatini baholash tizimini ishlab chiqishi va soha bo‘yicha umumiy standartlarni shakllantirishi zarur.

Xitoyning demografik ko‘rsatkichlari bunday yondashuv zarurligini tasdiqlamoqda. Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2023 yil oxirida mamlakatda 60 yoshdan oshgan aholining soni 300 milliondan ortiqni tashkil etdi. Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2035 yilga borib bu ko‘rsatkich 400 milliondan oshadi.

Bunday keskin o‘zgarishlar ijtimoiy tizimga bosimni kuchaytirib, innovatsion texnologiyalarni tezroq hayotga joriy etish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Robotlar yordamida keksa avlodga sifatli parvarish ko‘rsatish, ijtimoiy tenglikni ta’minlash va inson salohiyatining cheklangan resurslarini to‘ldirish imkoniyati tug‘iladi.

Loyiha kelgusida xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilishi, boshqa mamlakatlar uchun ham namuna bo‘lishi mumkin. Chunki dunyo miqyosida qarish tendensiyasi kuchayib bormoqda, va Xitoy bu borada texnologik yetakchilikni o‘z qo‘liga olishni ko‘zlamoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Xitoy qarilarga xizmat qiluvchi robotlarni ommaviy sinovdan o‘tkazadi