date

Amazon va Microsoft sun'iy intellekt sababli ishchilarini qisqartirmoqda

Amazon va Microsoft sun'iy intellekt sababli ishchilarini qisqartirmoqda
Amazon bosh direktori Endi Jassi kompaniya yaqin yillarda ishchilar sonini kamaytirishini ma'lum qildi. Microsoft esa minglab ishchilarni ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bularning barchasi kompaniyalar sun’iy intellektga milliardlab dollar sarmoya kiritayotgan bir paytda sodir bo‘lmoqda.

Microsoft kompaniyasi ishdan bo‘shatishlar haqida rasmiy tasdiq bermadi, biroq Bloomberg‘ning anonim manbalariga ko‘ra, iyul oyining boshida e’lon qilinadigan bu qisqartishlar asosan savdo bo‘limlariga ta’sir qiladi.

Yahoo Finance so‘roviga javoban Microsoft vakili shunday dedi: “Har doimgidek, jamoalar biznes ustuvorliklarini qayta ko‘rib chiqmoqda va strategik o‘sish imkoniyatlariga moslashmoqda.”

“Ko‘proq Generativ AI va agentlarni ishga tushirishimiz bilan ish uslubimiz o‘zgaradi. Bugungi kunda odamlar bajarayotgan ayrim vazifalar uchun kamroq ishchi kerak bo‘ladi, lekin boshqa turdagi ishlar uchun ko‘proq ishchi kerak bo‘ladi,” — dedi Amazon bosh direktori xodimlarga yo‘llagan maktubida.

“Bu qanday yakun topishini oldindan aniq aytish qiyin, ammo yaqin yillarda biz AI’ni keng qamrovda qo‘llash orqali samaradorlikka erishamiz va bu korporativ ishchilar sonining kamayishiga olib keladi.”

Amazon bosh direktorining aytishicha, kompaniya “Generativ AI’ni ichki operatsiyalarimizda keng qo‘llamoqda”, masalan, yetkazib berish tizimidagi inventarizatsiya boshqaruvi va talab prognozi kabi vazifalarda.

Bosh direktorning so‘zlariga ko‘ra, AI tufayli “biz takroriy ishlar bilan kamroq shug‘ullanamiz va mijozlar tajribasini qanday yaxshilash, yangi tajribalarni qanday yaratish haqida strategik fikrlashga ko‘proq vaqt ajratamiz.” Bu bayonot xodimlar orasida norozilikka sabab bo‘ldi.

Bloomberg xabariga ko‘ra, Amazon'ning ayrim korporativ xodimlariga menejerlari va jamoalari joylashgan ofislarga yaqinroq bo‘lish uchun ko‘chish buyrug‘i berilgan. Bu talab ko‘plab xodimlarning AQSh bo‘ylab Sietl, Vashington va boshqa markazlarga ko‘chishini talab qilmoqda.

Shu bilan birga, Amazon va Microsoft sun’iy intellekt rivoji uchun milliardlab sarmoya kiritmoqda. So‘nggi yillarda Amazon boshqa yirik texnologik kompaniyalarga qaraganda AI infratuzilmasiga ko‘proq kapital sarf qilmoqda va bu tendensiya 2025 yilda ham davom etadi.

Amazon 2025 yilda taxminan 105 milliard dollar sarflashni rejalashtirgan, bu ko‘rsatkich raqobatchilaridan ancha yuqori. Bu mablag‘ning katta qismi bulutli xizmatlar segmenti — Amazon Web Services’dagi AI infratuzilmasiga yo‘naltiriladi. Microsoft esa 2025 yilda AI ma’lumot markazlarini qurish uchun 80 milliard dollar sarflashni rejalashtirmoqda.

So‘nggi yillarda Amazon va Microsoft bir necha marta ish o‘rinlarini qisqartirgan. Microsoft may oyida ijobiy moliyaviy hisobotga qaramay ishchi kuchining 3 foizini ishdan bo‘shatdi. Amazon esa 2022–2023 yillar oralig‘ida 27 000 dan ortiq ishchini ishdan bo‘shatgan. May oyida yana 100 kishi ishdan bo‘shatildi. Bu holat Amazon bosh direktorining o‘rta bo‘g‘in rahbarlarini qisqartirish va Amazon’ni “dunyoning eng yirik startapi”ga aylantirishga urinishlari doirasida amalga oshirildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Amazon va Microsoft sun'iy intellekt sababli ishchilarini qisqartirmoqda