
Qarish — bu faqat tashqi belgilar bilan cheklanib qolmaydigan, organizmning har bir hujayrasida kechadigan murakkab biologik jarayon. Ushbu murakkablikni to‘g‘ri anglash va uni nazorat qilishda yangi bosqichga o‘tildi: Tokio universiteti olimlari biokimyoviy reaksiyalarsiz, ya’ni hech qanday maxsus belgilarsiz qariyotgan hujayralarni aniqlash imkonini beradigan texnologiyani yaratdilar.
IEEE Sensors jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, bu usul chastota-modulyatsiyalangan dielektroforez (FM-DEP) deb ataladi. Uning asosiy tamoyili shundaki, hujayralar o‘zgaruvchan elektr maydoni ta’sirida har xil harakat qiladi. Ya’ni, qariyotgan va yosh hujayralar elektrodlarga nisbatan turlicha reaksiya ko‘rsatadi. Bu farq «ajratish chastotasi» deb ataladi va u hujayra membranasi tarkibidagi o‘zgarishlar orqali aniqlanadi.
Qanday farq bor?
Hozirgacha qarishni aniqlash uchun fluoressent markirovka, ya’ni maxsus ximik moddalar kerak edi. Bu moddalar esa hujayraning tabiiy xususiyatlarini buzishi, tahlil jarayonini esa qiyinlashtirishi mumkin. FM-DEP esa bu muammolardan xoli, chunki u markirovka talab qilmaydi va hujayra uchun mutlaqo xavfsiz hisoblanadi.
Tadqiqot qayerda o‘tkazildi?
Ushbu ilmiy ish inson teri to‘qimasi hujayralari — dermal fibroblastlar asosida olib borildi. Natijada, qariyotgan hujayralarning membranasidagi lipid tarkibida aniq farqlar kuzatildi. Bu esa, FM-DEP texnologiyasi qarish jarayonining yutuqli diagnostikasi uchun ishonchli instrument bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Nima uchun bu muhim?
Mazkur texnologiya nafaqat qarishni aniqlashda, balki regenerativ tibbiyot, ya’ni yangilanishga asoslangan shifo usullari va dori ishlanmalarini sinovdan o‘tkazishda ham katta yordam bera oladi. Kelajakda FM-DEP texnologiyasi boshqa hujayra turlariga moslashtirilib, keng qamrovli tibbiy tahlillarda qo‘llanilishi mumkin.
Qarishga qarshi kurashdagi har bir yangi qadam inson umrini sifatli va sog‘lom qilishga xizmat qiladi. Elektr maydoni orqali hujayralar holatini aniqlash — tibbiyotning eng ilg‘or va umidli yo‘nalishlaridan biri bo‘lib bormoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar