
AQSH Davlat departamentining yuqori lavozimli rasmiysi Reuters agentligiga bergan eksklyuziv intervyusida aytishicha, Xitoyning sun'iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi DeepSeek kompaniyasi mamlakatning harbiy va razvedka operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Rasmiyga ko‘ra, kompaniya AQSH eksport nazoratidan qochish maqsadida Janubi-Sharqiy Osiyodagi soxta firmalar orqali ilg‘or AQSH chiplarini qo‘lga kiritishga uringan.
DeepSeek kompaniyasi joriy yil yanvar oyida sun’iy intellekt bo‘yicha ishlab chiqqan modellarining samaradorligi AQSHning yetakchi sun'iy intellekt modellaridan kam emasligini e’lon qilgan va bu texnologiya sohasida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.
AQSH rasmiysi DeepSeek kompaniyasining Xitoy hukumati bilan bevosita aloqasi borligini ta’kidlab, “DeepSeek kompaniyasi ongli ravishda Xitoy harbiylari va razvedka xizmatlariga yordam ko‘rsatmoqda, va bu faoliyat ochiq manbali foydalanish doirasidan chiqib ketgan,” — dedi.
Maxfiylik va xavfsizlik xavotirlari
AQSH qonunchilari ilgari DeepSeek kompaniyasi foydalanuvchi ma’lumotlarini Xitoydagi telekommunikatsiya giganti China Mobile orqali Xitoyga uzatayotganini ma’lum qilgan edi. Kompaniya ushbu da’volarga javob bermadi.
Shuningdek, DeepSeek Xitoyning Xalq ozodlik armiyasi (PLA) va boshqa mudofaa tashkilotlari uchun xizmatlar ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin. AQSH rasmiysi kompaniya PLAga qarashli tadqiqot institutlariga texnologik xizmatlar ko‘rsatganini bildirgan. Biroq, bu ma'lumotlar manba tomonidan mustaqil ravishda tasdiqlanmadi.
Eksport nazoratini chetlab o‘tish urinishlari
DeepSeek kompaniyasi AQSH tomonidan Xitoyga eksporti taqiqlangan Nvidia H100 chiplariga katta hajmda kirish imkoniga ega bo‘lgani aytilmoqda. Ushbu chiplar harbiy qudratni oshirish yoki sun’iy intellekt poygasida ustunlikka erishish xavfi tufayli AQSH tomonidan 2022-yildan boshlab eksport nazoratiga olingan edi.
AQSH rasmiysi: “DeepSeek Janubi-Sharqiy Osiyodagi shell-kompaniyalar orqali eksport nazoratini aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan va bu chiplarga masofaviy kirish uchun mintaqadagi ma’lumot markazlaridan foydalanmoqchi bo‘lgan,” — deya ta’kidladi.
Hozircha DeepSeek ushbu ayblovlarga javob bermadi. Kompaniyaning Nvidia chiplarini qanday olgani yoki soxta firmalardan foydalanganlik holati ham rasman aniqlanmagan.
AQSHning ehtimoliy choralariga oid savollar
DeepSeek hozircha AQSHning savdo “qora ro‘yxati”ga kiritilmagan. Nvidia vakili esa shunday dedi: “Biz AQSH eksport qoidalarini buzgan tomonlarni qo‘llab-quvvatlamaymiz. Hozirgi cheklovlar bilan biz Xitoydagi ma’lumot markazlari bozoridan deyarli chiqib ketganmiz, bu bozor hozir Huawei kabi raqobatchilar tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda.”
Sun’iy intellekt bo‘yicha shubhalar
DeepSeek o‘zining DeepSeek-V3 va DeepSeek-R1 modellarini OpenAI va Meta kompaniyalari modellariga teng deb da’vo qilgan. Biroq, sun'iy intellekt mutaxassislari bu modellarni yaratish xarajatlari rasmiy e’lon qilingan 5,58 million dollardan ancha yuqori bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Reutersning xabar berishiga ko‘ra, DeepSeek AQSH taqiqidan keyin ham Nvidia H100 chiplariga ega bo‘lgan, lekin bu chiplar soni kompaniyaning da’vo qilgan 50 000 dona darajasiga yetmaydi. Nvidia esa DeepSeek faqat H800 modelini qonuniy tarzda olganini bildirgan.
Xalqaro tergovlar
Singapur hukumati fevral oyida DeepSeek bilan bog‘liq chiplarni noqonuniy tranzit qilganlikda ayblanayotgan uch erkakni qo‘lga oldi. Malayziya hukumati esa hozirda mamlakatdagi bir Xitoy kompaniyasining Nvidia chiplaridan foydalanib, katta til modellarini o‘rgatayotganini tekshirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar