
Inson tanasi va uning siri hali to‘liq ochilmagan, deb bejizga aytilmaydi. 2025 yilning iyun oyida Milan shahrida o‘tkazilgan xalqaro tibbiy anjumanda e’lon qilingan yangilik dunyo tibbiyotidagi eng ajablanarli kashfiyotlardan biri sifatida qayd etildi. Fransiyaning EFS (Établissement Français du Sang — Fransiya Qon Quyish Markazi) muassasasi olimlari tarixdagi eng noyob qon guruhini aniqlashdi. Bu qon guruhi “Guadalupa negative” deb nomlandi va uning yagona egasi — Karib dengizida joylashgan Gvadelupa orolidan kelib, hozirgi kunda Parijda yashovchi ayoldir.
Bu holat tibbiy jamoatchilik uchun nafaqat ilmiy jihatdan, balki amaliy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Yangi qon guruhi — bu 48-qon tizimi doirasida ro‘yxatga olingan mutlaqo yangi biologik tuzilish bo‘lib, unga nisbatan inson organizmida avval aniqlanmagan immun javob shakllangan.
Bu kamyob holat ilk bor 15 yil oldin, ayolga operatsiyadan oldingi tekshiruvlar vaqtida qayd etilgan. 54 yoshli bemorning qonida hech qanday ma’lum qon guruhiga to‘g‘ri kelmaydigan noodatiy antitana topilgan. Ammo u vaqtda shifokorlar buning tabiatini aniqlay olmagan edilar. Faqat 2019 yilda, yuqori samaradorlikka ega genetik sekvensiya texnologiyasi yordamida olimlar bu muammoni ilmiy jihatdan tadqiq etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi va natijada u noyob genetik mutatsiya ekanligi aniqlandi.
Mutaxassislarga ko‘ra, bemorning bu qon guruhini olishi — ota-onasidan o‘tgan genetik mutatsiyalar natijasidir. Har ikki ota-ona mutanosib ravishda ushbu mutatsiyalangan genning tashuvchisi bo‘lgan va ularning kombinatsiyasi mazkur bemorda eksklyuziv tarzda ushbu qon tuzilishi yuzaga kelishini ta’minlagan. Bu esa u donor sifatida ham faqat o‘zigagina mos kelishi mumkinligini anglatadi.
EFS tashkilotining tibbiy biologi Tiyeri Peyrarning ta’kidlashicha, ushbu holat tibbiyotda juda katta ahamiyatga ega. Chunki bu kabi g‘ayrioddiy qon guruhlari qon quyish jarayonlarida jiddiy xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Mavjud qon guruhlari asosida olib boriladigan standart muvofiqlik tekshiruvlari bunday bemor uchun samarasiz bo‘lishi mumkin. Shu bois, hozirda olimlar shunday noyob qon tuzilishiga ega boshqa insonlarni ham izlashga kirishishgan.
Bu tibbiy ilgarilash qon donorligi sohasida yangi eshiklarni ochdi. EFS mutaxassislarining fikricha, hozirgi zamonaviy genetik tahlil texnologiyalari, xususan yuqori samarali DNK sekvensiyasi, yanada ko‘proq noyob qon guruhlarini aniqlash imkonini bermoqda. Bu esa butun dunyo bo‘ylab kam uchraydigan holatlarga ega bemorlar uchun individual yordamni ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, dunyo bo‘ylab qon guruhlari klassifikatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilot — ISBT (International Society of Blood Transfusion) ham mazkur yangi qon guruhini rasman e’tirof etdi va uni jahon reyestriga kiritdi. Bu esa tibbiyot tarixida yangi sahifa ochilishi bilan barobardir.
Olimlar ushbu noyob holatni tadqiq qilishni davom ettirmoqdalar. Ular nafaqat genetik omillar, balki bu qon guruhining organizmdagi fiziologik ta’sirini ham aniqlashga intilishmoqda. Balki kelajakda shunday guruhlarga ega insonlar uchun maxsus qon zaxiralari shakllantiriladi.
Hozircha “Guadalupa negative” deb nomlangan ushbu noyob guruh yagona insonda mavjud. Ammo kelgusida, dunyo bo‘ylab kengroq tahlillar olib borilsa, bunday odamlar yana topilishi mumkin. Bu esa tibbiyot uchun yangi imkoniyatlarni yaratishi aniq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar