
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt (AI) turli sohalarda inson hayotining ajralmas qismiga aylandi: ishda elektron xatlarga javob berish, referat yozish, turli masalalarni yechish kabi vazifalarda ko‘makchi bo‘lmoqda. Lekin bunday yordamning “yashirin” ekologik narxi borligini ko‘pchilik bilmaydi.
Bir savol – o‘n baravar ko‘p energiya
AI'dan foydalanish oddiy internet qidiruvidan 10 barobar ko‘p energiya sarflashini bilganmisiz? Bunga sabab – har bir so‘rov yuborilganida u raqamli kodlarga aylantirilib, yuzlab katta serverlarda qayta ishlanadi. Ushbu serverlar ko‘p hollarda an’anaviy manbalar – ko‘mir yoki gazda ishlaydigan elektr stansiyalari bilan ta’minlanadi.
Buning natijasida har bir sun’iy intellekt javobi katta miqdordagi karbon gazlarining havoga chiqishiga sabab bo‘ladi. Germaniyalik olimlar olib borgan tadqiqotga ko‘ra, murakkab savollar oddiylariga nisbatan 6 marta, intellektual modellar esa oddiy modellarga nisbatan 50 marta ko‘proq chiqindi chiqarishini aniqlashdi.
AI'ning “aqlliroq” bo‘lishi uchun u ko‘proq ma’lumot va parametrlarga ega bo‘ladi. Buning oqibatida ularni ishga tushirish ko‘proq elektr energiyasi talab qiladi. Masalan, boshqa oddiy sun’iy intellekt vositasi bilan yechilsa bo‘ladigan masala uchun ham murakkab modelni ishga solish – ma’lum ma’noda “yadroviy reaktorda choy qaynatish” kabi bo‘ladi.
O‘z hissangizni qanday qo‘shishingiz mumkin?
Mutaxassislar foydalanuvchilarga bir nechta foydali maslahatlar berishmoqda:
▪️Qisqa va aniq savol bering. Ortiqcha “iltimos”, “raxmat” kabi so‘zlar sun’iy intellekt javobini uzunlashtirib, energiya iste’molini oshiradi.
▪️Javobning chegarasini ko‘rsating. Masalan, “faqat natijani ber”, “2 jumlada javob ber” deb yozishingiz mumkin.
▪️Quyi resursli modellardan foydalaning. Ba’zi sun’iy intellekt platformalarida yengil, tezkor va kerakli sohalar uchun ixtisoslashgan modellar mavjud. Ularni tanlash orqali ham tabiatni asrab qolish mumkin.
▪️Sodda vazifalar uchun sun’iy intellektdan foydalanmang. Masalan, kalkulyator yoki internet ensiklopediya orqali ham hal bo‘ladigan vazifalar uchun katta sun’iy intellekt modellaridan foydalanish shart emas.
Sun’iy intellekt texnologiyasi taraqqiyoti va mas’uliyat
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hozirgi kunda AI har bir tizimga qo‘shilmoqda – ijtimoiy tarmoqlar, veb-qidiruvlar, mobil ilovalar. Lekin bunga barcha foydalanuvchilar ehtiyoj sezmagan.
Hattoki sun’iy intellekt kompaniyalari o‘z serverlari qancha energiya iste’mol qilishi, qancha chiqindi chiqarishi haqida ham ochiq ma’lumot berishmayapti. Bu esa oddiy foydalanuvchi uchun tanlovni cheklaydi.
Shu bois, har birimiz sun’iy intellektdan oqilona va mas’uliyat bilan foydalanishimiz, uni zarurat bo‘lgandagina ishga solishimiz lozim.
Texnologiya – qulaylik, lekin ehtiyotlik talab qiladi
Albatta, sun’iy intellekt inson hayotini yengillashtirmoqda. Lekin tabiatga ta’sirini ham hisobga olishimiz kerak. Agar har birimiz sun’iy intellektdan foydalanishda to‘g‘ri yondashuvni tanlasak, kelajak avlodlar uchun sog‘lom muhitni saqlab qolishimiz mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar