date

Apple katta o‘zgarishlarga tayyor: iPhone 17 displeyi yangilanib, yangi rekord o‘rnatadi!

Apple katta o‘zgarishlarga tayyor: iPhone 17 displeyi yangilanib, yangi rekord o‘rnatadi!
Texnologiya olamida har yili katta qiziqish uyg‘otadigan Apple kompaniyasi o‘zining asosiy mahsuloti – iPhone smartfonlarini yana bir bor jiddiy o‘zgartirishga tayyorlanmoqda. Internetda paydo bo‘lgan yangi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya 2025 yilda taqdim etiladigan iPhone 17 smartfonining asosiy modelini jiddiy yangilab, displey diagonalini sezilarli darajada kattalashtirish niyatida.

Insayderlik ma’lumotlari bilan mashhur bo‘lgan Digital Chat Station internet foydalanuvchisi o‘z sahifasida Apple'ning yangi smartfoni displeyi 6,1 dyuymdan 6,3 dyuymgacha oshirilishini xabar qildi. E’tiborlisi, bu manba avvalgi bashoratlarida ham kamdan-kam xatoga yo‘l qo‘yadi. Shu sababli ushbu ma’lumotlarning ishonchliligi yuqori baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Apple oxirgi marta iPhone asosiy modelidagi ekran diagonalini 2019 yilda o‘zgartirgan edi. O‘shanda iPhone 11 displeyi 5,8 dyuymdan 6,1 dyuymgacha kengaytirilgandi. Bu o‘zgarishdan keyin smartfonlarning o‘lchami shu paytgacha o‘zgarmasdan kelmoqda edi.

Qayd etilishicha, 2024 yilda taqdim etilgan iPhone 16 Pro ham shunga o‘xshash yangilanishni qabul qilgan. Uning displeyi ham asosan ramkalarni ingichkalashtirish orqali kattalashtirilgan. Bundan kelib chiqib, yangi standart iPhone modelida ham ekran atrofidagi ramkalar ingichka bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Yangi iPhone 17 seriyasining kutilgan modellari esa quyidagi o‘lchamlarda chiqishi mumkin:

- Asosiy iPhone 17 – 6,3 dyuym;
- iPhone 17 Air (yoki Slim modeli) – 6,6 dyuym;
- iPhone 17 Pro – 6,3 dyuym;
- iPhone 17 Pro Max – 6,9 dyuym.

Apple bu o‘zgarishlarni amalga oshirish orqali smartfonlarning foydalanish qulayligini oshirish va kontent iste’molida yanada yaxshiroq tajriba taqdim etishga intilayotgan ko‘rinadi.

Asosiy iPhone modelida kutilayotgan yana bir muhim yangilik ekran yangilanish chastotasi bilan bog‘liq. Agar avvalgi modellarda displey chastotasi 60 Gs bo‘lgan bo‘lsa, yangi iPhone 17 modelida bu ko‘rsatkich 120 Gs ga oshirilishi mumkin. Lekin bu ProMotion texnologiyasi bilan birga emas, balki standart holatda ishlashi aytilmoqda. Ya’ni Always-On-Display yoki dinamik chastota moslashishi mavjud bo‘lmaydi.

Shuningdek, 2025 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan iPhone 17 taqdimotida yangi operatsion tizim – iOS 26 ham namoyish etiladi. Apple bu tizimni so‘nggi 11 yildagi eng katta yangilanish sifatida e’lon qilgan. Uning yangi shaffof dizayni foydalanuvchilarga mutlaqo yangicha his-tuyg‘ular bag‘ishlashi mumkin.

Kompaniya 2025 yildan boshlab har yili smartfonlar dizaynini o‘zgartirishni maqsad qilgan. Bu yil, ya’ni 2025 yilda asosiy yangilanish smartfonlarning orqa kamera moduli bilan bog‘liq bo‘ladi. 2026 yilda esa Apple old panelni yangilashni rejalashtirmoqda. Lekin eng yirik va e’tiborga loyiq o‘zgarishlar aynan 2027 yilda chiqadigan iPhone modellarida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Apple muxlislari va texnologiya ishqibozlari uchun oldindagi yillar yanada qiziqarli va intrigalarga boy bo‘ladi. Yangi iPhone modellari esa o‘zgarishlar bilan bozordagi raqobatni yanada qizitishini kutish mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Apple katta o‘zgarishlarga tayyor: iPhone 17 displeyi yangilanib, yangi rekord o‘rnatadi!