date

OpenAI o‘z brauzeri bilan Google'ga jiddiy raqobatchi bo‘ladimi?

OpenAI o‘z brauzeri bilan Google'ga jiddiy raqobatchi bo‘ladimi?
Yaqin kunlarda sun’iy intellekt sohasida yangi burilish yuz berishi mumkin. Reuters agentligi yozishicha, OpenAI kompaniyasi o‘zining brauzerini omma e’tiboriga havola qilish arafasida turibdi. Bu brauzer sun’iy intellekt imkoniyatlari asosida ishlaydi va foydalanuvchi tajribasini butunlay o‘zgartirishi mumkin, deb yozadi reuters.com.

Ta’kidlanishicha, yangi brauzerning interfeysi an’anaviy tarzdan farq qiladi — unda ko‘plab amaliyotlar ChatGPT'ga o‘xshash chatda amalga oshiriladi. Bu esa foydalanuvchilarni turli saytlar orasida izlanishdan xalos qilib, barcha ma’lumotni bitta manbadan olish imkonini yaratadi.

Google uchun esa bu juda ham sezilarli xatar sifatida baholanmoqda. Chunki Chrome brauzeri kompaniyaning eng muhim daromad manbalaridan biri sanaladi. Aynan shu orqali Google foydalanuvchilar ma’lumotini yig‘ib, reklama bozorida ustunlik qiladi. Brauzer orqali avtomatik ravishda Google qidiruv tizimiga murojaat qilinishi ham bu ustunlikni mustahkamlaydi.

Yangi OpenAI brauzeri Chromium ochiq kodli platformasiga asoslangan. Bu dasturiy tuzilmaga ilgaridan Microsoft va Opera kabi texnologik gigantlar ham tayanadi. Demak, OpenAI o‘z brauzeri orqali nafaqat yangi dizayn va funksiya, balki to‘liq yangilangan foydalanish logikasini ham taklif etmoqchi.

Bu orada AQSH Adliya vazirligi ham Google'ga nisbatan jiddiy harakatlar boshlagan. Ular kompaniyani monopoliyadan ozod qilish niyatida va Chrome brauzerini ayrim hollarda majburan sotishni talab qilmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, agar bunday bo‘linish amalga oshsa, OpenAI bu brauzerni sotib olish taklifi bilan chiqishi mumkin.

Ayni paytda Chrome dunyodagi eng ommalashgan brauzer bo‘lib, bozordagi ulushi 64 foizni tashkil etadi. Safari 22 foiz bilan ikkinchi o‘rinda tursa, Microsoft'ning Edge brauzeri 5 foiz bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi.

Shubhasiz, OpenAI tomonidan yaratilayotgan brauzer texnologik raqobatda yangi davrni boshlab berishi mumkin. Endigi savol: foydalanuvchilar ushbu yangilikni qanday qabul qiladi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » OpenAI o‘z brauzeri bilan Google'ga jiddiy raqobatchi bo‘ladimi?