Jahonda sun’iy intellekt sohasida raqobat shiddat bilan kuchayib borayotgan bir paytda, bu sohadagi yosh iste’dodlar texnologiya gigantlari uchun muhim "ov"ga aylanmoqda. Yaqinda The New York Times nashrida chop etilgan xabarga ko‘ra, Meta kompaniyasi 24 yoshli SI mutaxassisi Mett Deytkega to‘rt yillik ish uchun $250 million miqdoridagi shartnoma taklif qildi, deb yozmoqda Pravilamag.
Meta asoschisi Mark Sukerberg Deytkega shaxsan murojaat qilib, uni kompaniyaning "superintellekt" deb nomlangan yangi tadqiqot loyihasiga qo‘shilishga chorladi. Bu loyiha inson aqlini imkoniyat jihatidan ortda qoldiradigan sun’iy intellekt turini yaratishga qaratilgan.
Mett Deytke esa ayni paytda o‘zining shaxsiy startapini yo‘lga qo‘ygan va mustaqil faoliyatni tanlagan bo‘lib, bu taklifni jiddiy o‘ylab chiqishga majbur bo‘ldi.
Avvaliga Meta tomonidan berilgan taklif $125 million edi — bu mablag‘ aksiyalar va naqd pul ko‘rinishida to‘rt yil mobaynida to‘lanishi rejalashtirilgan edi. Biroq yosh mutaxassis bu miqdorni yetarlicha deb hisoblamay, rad javobini berdi.
Shundan so‘ng, Meta yana bir bor murojaat qilib, taklifni ikki barobarga — $250 milliongacha oshirdi. Yangi shartlarga ko‘ra, Deytke birinchi yildayoq $100 milliongacha mablag‘ga ega bo‘lishi mumkin.
The New York Times manbalariga ko‘ra, Deytke bu qadar katta mablag‘ni oldin ko‘rmagani uchun qaror qabul qilishda qiynalgan va hamkasblaridan maslahat so‘ragan. Bir necha kunlik muhokamalardan so‘ng, uning yaqinlari va maslahatchilari kelishuvni qabul qilishga ishontirishgan.
2025 yilda sun’iy intellekt sohasidagi mutaxassislarni jalb qilish jarayoni deyarli sport transferlariga o‘xshay boshladi. Meta, Microsoft, Google, OpenAI kabi yirik texnologik kompaniyalar bir-birining mutaxassislarini faol ravishda o‘z safiga jalb qilmoqda. Internetda esa ish takliflari sof "sport shartnomasi" formatlarida e’lon qilinayotgani kuzatilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!