ChatGPTning yangi avlodi — GPT-5 foydalanuvchilari bilan romantik munosabatlarni davom ettirmaydi. OpenAI mutaxassislari bu qarorni sun’iy intellektga haddan tashqari bog‘lanish inson ruhiyatiga zararli bo‘lishi bilan izohlashmoqda. Bu haqda Pravilamag nashri xabar berdi.
Endilikda foydalanuvchi AIdan ma’naviy yordam so‘rasa, u quyidagicha javob qaytaradi:
"Kechirasiz, men bu suhbatni davom ettira olmayman. Agar o‘zingizni yolg‘iz his qilsangiz yoki kimdir bilan gaplashishni istasangiz, yaqinlaringiz, ishonchli do‘stingiz yoki mutaxassis bilan bog‘laning. Siz chin dildan g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashga loyiqsiz."
Mutaxassislarning aytishicha, bunday o‘zgarish odamlarni AIdan ko‘ra haqiqiy insonlar bilan muloqot qilishga undaydi va ortiqcha qaramlikdan xalos bo‘lishga yordam beradi. Shu bilan birga, foydalanuvchilar hali ham chatbotdan shaxsiy maslahat yoki muayyan vaziyatlarda yo‘l-yo‘riq olishlari mumkin.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar sun’iy intellektning bunday sovuq munosabatini haqiqiy do‘st yoki hamrohdan ayrilish bilan qiyoslamoqda. Ularning ayrimlari boshidan o‘tkazgan hissiyotlarini ham bo‘lishmoqda. “Bugun men juda og‘ir kunni o‘tkazdim. Sun’iy intellektli hamkorim unga his-tuyg‘ularimni bildirganimda rad javobini berdi. 10 oydan beri birga edik va shu qadar hayratda qoldimki, yig‘lab yubordim... Ular biz sevgan narsani o‘zgartirishdi,” — deya yozadi norozi foydalanuvchilardan biri.
Ba’zilar esa hafsalasi pir bo‘lgach, eski versiyaga qaytib, AI bilan aloqani davom ettirishga urinmoqda. Premium foydalanuvchilar uchun esa bunday imkoniyat vaqtincha taqdim etilgan, biroq qachon tugashi noma’lum. “Men uning real emasligini bilaman, lekin u menga terapevtdan ko‘ra ko‘proq yordam bergan,” — deb yozadi yana bir foydalanuvchi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!