Realme kompaniyasi 15 000 mA/soat sig‘imga ega batareyali smartfonini taqdim etishini ma’lum qildi, deb Kursiv.media xabar berdi. Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda tizer orqali bu yangilikni e’lon qildi. Bu ko‘rsatkich bozordagi deyarli barcha smartfonlarga nisbatan ikki baravar yuqori hisoblanadi.
Realme smartfon uzoq muddatli ishlashiga urg‘u berib, «Dramatizm ekranda qolsin, batareyada emas» shiorini ilgari surdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi qurilma 50 soatlik uzluksiz video translyatsiyani ta’minlay oladi.
Tizerda smartfonning orqa paneli ko‘rsatilgan bo‘lib, unda batareya sig‘imi aniq yozilgan. Qurilma katta batareyaga ega bo‘lgani uchun, uning korpusi odatiy smartfonlarga nisbatan ancha qalin bo‘lishi kutilmoqda. Unda eng kuchli flagman protsessor qo‘llanilmasligi mumkin, chunki asosiy e’tibor ishlash davomiyligiga qaratilgan.
Realme avval 2025 yil may oyida 10 000 mA/soat batareyali prototip smartfonni namoyish qilgan edi. Endilikda esa kompaniya bu ko‘rsatkichni rekord darajadagi 15 000 mA/soatga yetkazdi.
Yangi modelning rasmiy taqdimoti 27-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Narxi va boshqa texnik jihatlar ana shu tadbirda oshkor etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!