Realme 16 Pro smartfonlarida Yandex Alisa integratsiyasi joriy etildi

Realme kompaniyasi Rossiya bozorida Yandex bilan hamkorlikning yangi bosqichini eʼlon qildi. Endilikda Realme 16 Pro va Realme 16 Pro+ smartfonlari foydalanuvchilari Google yordamchisi bilan bir qatorda Yandexʼning Alisa sunʼiy intellekt yordamchisini tizimli darajada tanlash imkoniyatiga ega boʻlishdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Realme vakillarining taʼkidlashicha, bu Google Mobile Services va mahalliy sunʼiy intellekt yordamchisini tanlash imkonini beruvchi ilk integratsiya hisoblanadi. Qurilmalarning texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib, funksiyalar turlicha amalga oshirilgan: Realme 16 Pro+ modeli DSP (raqamli signal protsessori) darajasidagi integratsiya evaziga smartfon ekrani qulflangan holatda ham ovozli buyruqlar orqali Alisaʼni faollashtirishni qoʻllab-quvvatlaydi.
Realme 16 Pro modelida esa Alisaʼni chaqirish uchun quvvat tugmasini bosib turish kifoya qiladi. Integratsiya yordamida foydalanuvchilar kundalik vazifalarni bajarish, navigatsiya, maʼlumot izlash va Yandex xizmatlari orqali buyurtmalar rasmiylashtirish kabi barcha funksiyalardan toʻliq foydalanishlari mumkin.
Mazkur yangilik Realme UI interfeysining soʻnggi versiyalarida Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun allaqachon ochiq. Kelgusida boshqa Realme modellarida ham ushbu funksiyani joriy etish rejalashtirilgan boʻlib, bu boradagi qoʻshimcha maʼlumotlar yaqin vaqt ichida eʼlon qilinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!