Microsoft Qizil dengiz ostidagi kabellar shikastlangani sababli Azure (bulutli hisoblash platformasi) xizmatlarida kechikishlar yuzaga kelganini bildirdi. Muammo asosan Yaqin Sharq orqali o‘tadigan internet aloqalariga ta’sir qilmoqda.
Kompaniya kabellarning qanday shikastlangani haqida ma’lumot bermadi. Shu bilan birga, trafikni boshqa yo‘nalishlarga yo‘naltirish orqali xizmatlarni tiklashga harakat qilmoqda.
Internet kuzatuvchilari uzilishlar Hindiston, Pokiston va ayrim Osiyo davlatlarida ham sezilganini ma’lum qildi. Pokiston rasmiylari kabel Jidda yaqinida uzilgani va tig‘iz soatlarda muammolar bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Mutaxassislarning aytishicha, suv osti kabellari internetning asosiy tayanchi hisoblanadi. Ular tabiiy sabablar yoki texnik xatoliklardan shikastlanishi mumkin, ayrim hollarda esa ataylab nishonga olingan holatlar ham qayd etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!