Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi sentabr boshida Apple kompaniyasiga yangi texnik talabnoma — Technical Capability Notice yubordi, deb Financial Times manbasiga tayanib Rozetked xabar berdi. Unga ko‘ra, Apple Britaniya foydalanuvchilarining shifrlangan iCloud zaxira ma’lumotlariga kirish imkonini berishi shart.
2025 yil yanvar oyida Britaniya hukumati global miqyosda shifrlangan foydalanuvchi ma’lumotlariga kirishni nazarda tutuvchi hujjat chiqargan edi. Apple bu qarorga apellyatsiya bergan va Buyuk Britaniyada Advanced Data Protection — ya’ni uzluksiz shifrlangan ma’lumotlarni himoya qilish funksiyasini o‘chirib qo‘ygan edi.
Avgust oyida AQSh Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard Britaniya bu talabnomani Vashington bosimi ostida qaytarib olganini aytgan edi. Biroq Financial Times manbalariga ko‘ra, AQSh endilikda bosim o‘tkazmayapti va London o‘z rejalarini yana ishga tushirgan.
Privacy International huquqni himoya qiluvchi tashkilot ogohlantirishicha, ma’lumotlarga faqat bitta davlat uchun kirish imkonini yaratish butun dunyo foydalanuvchilari xavfsizligini zaiflashtiradi. Apple va Britaniya Ichki ishlar vazirligi bu holatga hozircha izoh bermadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!