Buyuk Britaniya politsiyasi mamlakatdan Xitoyga 40 mingga yaqin o‘g‘irlangan mobil telefon yuborgan xalqaro jinoiy guruhni fosh etdi. London va Hertfordshirdagi 28 manzilda o‘tkazilgan reydlar davomida 18 kishi hibsga olindi, 2 mingdan ortiq telefon topildi.
Tergov bir jabrlanuvchining o‘g‘irlangan iPhone’ini kuzatishi orqali boshlangan. Telefon London yaqinidagi omborga olib borilgach, politsiya u yerdan yana yuzlab qurilmalarni topdi va bu holat xalqaro kontrabanda tarmog‘ini fosh qildi.
Qo‘lga olinganlar orasida ikki afg‘on va bir hind fuqarosi bor. Ular o‘g‘irlangan mol-mulkni yashirishda ayblanmoqda. Keyingi reydlarda yana 15 kishi, asosan ayollar, hibsga olingan.
Politsiya bu guruh Londondagi telefon o‘g‘riliklarining 40 foizigacha javobgar bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Mutasaddilar o‘g‘irlangan iPhone’larning ko‘pi Xitoyda qimmat narxda sotilayotgani, bu esa jinoyatni foydali biznesga aylantirayotganini ta’kidladi.