
9-oktyabr kuni Xitoyda texnologiya dunyosi yana bir muhim voqeaga guvoh bo‘ldi. Mamlakatning ilg‘or robototexnika yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan Deep Robotics kompaniyasi o‘zining navbatdagi ishlanmasi — har qanday ob-havo sharoitida faoliyat ko‘rsata oladigan DR02 gumanoid robotini taqdim etdi. Bu haqda “Newsfile” xabar tarqatdi.
Yangi model nafaqat insonga o‘xshash ko‘rinishga, balki aniq harakat va fikrlash qobiliyatiga ham ega. Mutaxassislar ta’kidlashicha, DR02 modeli kuchli motor tizimi, yuqori hisoblash quvvatiga ega blok va modulli tuzilishni birlashtirgan bo‘lib, bu uning harakat samaradorligini oshiradi. Shu bilan birga, robotning “aqliy markazi” sifatida ishlaydigan sun’iy intellekt bloki yangi avlod algoritmlaridan foydalanadi.
Bu gumanoidning eng katta afzalliklaridan biri — uning suv va changga chidamliligi. DR02 IP66 darajasida himoyalangan bo‘lib, u nafaqat laboratoriya yoki ofis sharoitida, balki ochiq yomg‘irli muhitda ham ishlay oladi. Kompaniya vakillarining aytishicha, robot -20 darajadan 55 darajagacha bo‘lgan haroratda ham faoliyat ko‘rsata oladi. Bu esa uni qurilish, sanoat, logistika va hatto qutqaruv ishlarida ham foydalanish imkonini beradi.
175 santimetr balandlikka ega gumanoid tashqi ko‘rinishi bilan o‘rta yoshdagi erkak kishini eslatadi. Uning qo‘l uzunligi 68 santimetr bo‘lib, bu insonning tabiiy harakatlariga yaqin chuqur motorika imkoniyatini yaratadi. Natijada robot odamlar bilan birga ishlashga moslashgan.
DR02 bir soniyada 1,5 metr masofani bosib o‘ta oladi, maksimal tezligi esa 4 metr/soniyaga yetadi. U hatto 20 santimetr balandlikdagi zinapoyalarga ko‘tarila oladi hamda 20 kilogrammcha og‘irlikdagi yuklarni ko‘tarish qobiliyatiga ega. Bu ko‘rsatkich uni logistika va omborxonalarda, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarida ishlatish uchun qulay qiladi.
Hozircha robotning aniq narxi ochiqlanmagan. Ammo ishlab chiquvchilar taxmin qilishicha, uning bozor bahosi 40 ming dollar atrofida bo‘lishi mumkin. Bu narx robototexnika sohasidagi raqobatchi mahsulotlarga nisbatan ancha real va bozorbop sanaladi.
Deep Robotics vakillari ta’kidlashicha, kompaniyaning asosiy maqsadi — inson mehnatini yengillashtirish va xavfli muhitlarda insonning o‘rnini xavfsiz texnologiya bilan almashtirish. Shuning uchun ham DR02 kelgusi yillarda ishlab chiqarishda, qurilishda va hatto tibbiy muassasalarda sinovdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.