
Android uchun Google Chrome brauzerida o‘qish rejimi to‘liq ishlay boshladi, deb 3dnews.ru ma’lum qildi. Ushbu funksiya 2023 yilda joriy etilgan bo‘lsa-da, shu paytgacha u barcha sahifalarda ishlamas, ba’zan esa to‘satdan yo‘qolib qolardi.
So‘nggi yangilanish bilan o‘qish rejimi sezilarli darajada yaxshilandi. Endi uni yoqish ancha oson va u barqaror ishlamoqda. Funksiya brauzer menyusidagi uch nuqta orqali ochiladigan “O‘qish rejimiga o‘tish” bo‘limi orqali faollashtiriladi.
Yangi rejimda sahifa to‘liq ekran bo‘lmaydi, manzil satri esa o‘z joyida qoladi. Interfeys Google Material 3 Expressive dizayniga yaqin bo‘lib, pastki qismda katta va yumaloq burchakli boshqaruv oynasi joylashgan.
Foydalanuvchilar shrift turini tanlashi, matn hajmini 250 foizgacha oshirishi hamda yorug‘, qorong‘i yoki “sepia” mavzularidan foydalanishi mumkin. Yangilangan o‘qish rejimi Chrome 143 versiyasida mavjud, ayrim holatlarda esa uni chrome://flags orqali qo‘lda yoqish talab etiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.