Fransiya 2027 yilga borib Zoom va Teams’dan bosqichma-bosqich voz kechadi

Fransiya 2027 yilga kelib Amerika videokonferensiya xizmatlaridan bosqichma-bosqich voz kechib, ularning o‘rniga o‘zining “Visio” ilovasini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Davlat xizmati vaziri David Amyel La Tribune Dimanche nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vazirning aytishicha, Fransiya ma’muriyati Teams yoki Zoom kabi platformalarga haddan tashqari bog‘lanib qolgan. Muzokaralar va ichki muloqot xavfsizligini har qanday sharoitda ta’minlash uchun davlat darajasida bunday “qaramlik”dan chiqish zarurligi ta’kidlangan. Shu maqsadda 2027 yilga borib “Visio” butun davlat boshqaruvi tizimi bo‘ylab tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.
Amyel “Visio”ni “100% Fransiyada yaratilgan ishlanma” deb atadi va u Vazirliklararo Raqamli agentlik (DINUM) tomonidan ishlab chiqilganini aytdi. Uning fikricha, bu yechim xorijiy dasturiy ta’minot bilan shartnomalarni yangilashga ketadigan “millionlab yevro”ni tejashga xizmat qiladi. Shuningdek, vazir taxminan 40 ming kishi xizmatni sinab ko‘rganini, dastur esa suhbatning matnli transkriptini tezkor olish imkonini beruvchi algoritmga ega ekanini qo‘shimcha qildi.