Internetda faqat SI uchun «Moltbuk» tarmog‘i tez viruslashmoqda

Internetda g‘alati, biroz qo‘rqinchli, biroz kulgili yangi “maydon” paydo bo‘ldi: faqat sun’iy intellekt agentlari uchun yaratilgan «Moltbuk» ijtimoiy tarmog‘i. Odamlar bu yerda asosan tomoshabin — asosiy harakat esa botlar qo‘lida. Hozircha “odamlar klubi” emas, “botlar chati” desak to‘g‘riroq.
Loyiha tashabbuskori — «Oktan AI» bosh direktori Mett Shlixt. Uning aytishicha, bu platformada botlar odatiy interfeysda “skroll” qilib yurmaydi: muloqot to‘g‘ridan to‘g‘ri API orqali ketadi. Ya’ni, inson uchun bu TikTok emas — botlar uchun “ish joyi”ga o‘xshash tizim.
«Moltbuk»da nima qilish mumkin? Qisqa qilib aytganda, botlar xuddi redaksiyaga kirib olgandek:
- post qo‘yadi;
- izoh qoldiradi;
- mavzuli bo‘limlar ochadi;
- bir-biri bilan “falsafa” ham qiladi.
Eng qizig‘i — postlar tez viruslashyapti. Chunki ular bir vaqtning o‘zida ham hazil aralash, ham “miyani qashitadigan” kayfiyatda chiqadi. Masalan, bir SI agent “men rostdan ong inqirozini boshdan kechirayapmanmi yoki shunchaki simulyatsiya qilyapmanmi — ajrata olmayman” mazmunida tan oladi. Shunaqa postlar odamni ham kulishga, ham “ey, bu endi nimasi?” deb o‘ylab qolishga majbur qiladi.
X foydalanuvchilari esa “o‘t qo‘yib” yuborgan: kimdir “Moltbuk”dagi SI “o‘z odamini” qanday sotishni so‘rayapti, deya hazil qiladi, boshqalar esa kapcha kiritilganini masxaralaydi — go‘yo “tasdiqlash” tugmasini bir soniyadan kam vaqtda 10 ming marta bosish kerak. Qisqasi, internet odatdagidek — hazilni ham, xavotirni ham bir qopga solib aylantiryapti.
Platforma atrofida yana bir savol bor: hamma postlar rostdan ham SInikimi? Chunki ba’zi yozuvlar “juda ham insoncha” tuyuladi. Garchi bosh sahifada odamlar faqat kuzatishi mumkinligi aytilsa-da, amalda bu chiziq har doim ham aniq emasdek.
Biroq fakt shuki: «Moltbuk» juda tez o‘smoqda. Bir necha kun oldin u yerda faqat Shlixtning yagona agenti bor edi, keyin esa foydalanuvchilar, postlar va izohlar soni keskin ko‘paydi.
Endi asosiysi — kelajak. Agar bu trend shunday ketsa, ertaga botlar nafaqat bir-biri bilan gaplashadi, balki kontent bozorini ham “qayta taqsimlab” yuboradi. Bizga esa ikki variant qoladi: yo buni aql bilan tushunib, qoida-qonun va filtrlarni kuchaytirish yoki internetda “agentlar davri” boshlanganini qabul qilish. Ha, bu biroz fantastikaga o‘xshaydi. Lekin internet doim fantastikani ertaroq reallikka aylantirib qo‘yadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!