Apple iPhone 18 Pro narxini oshirishni o‘ylamayapti: qancha bo‘lishi mumkin?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Apple iPhone 18 Pro narxini RAM tanqisligi va ehtiyot qismlar qimmatlashuviga qaramay, hozirgi darajada ushlab qolishni rejalashtirmoqda.
- Kompaniya Samsung va SK hynix bilan xotira komponentlari narxini tushirish yoki uning o'sishini sekinlatish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda. iPhone 17 Pro AQSHda 1 099 dollardan boshlangani sababli, iPhone 18 Pro narxini ham shu atrofda saqlash maqsad qilingan.

Smartfon bozorida narxlar tepaga qimirlab turgan bir paytda Apple yangi avlod qurilmalarini «hozirgi daraja»da ushlab qolishga harakat qilayapti. OAVdagi ta’minot zanjiri tahlillariga ko‘ra, gap iPhone 18 Pro haqida ketyapti: tezkor xotira (RAM) tanqisligi va ehtiyot qismlar qimmatlashuvi sharoitida ham kompaniya narxni «partlatmaslik» uchun ichki hisob-kitoblarni qattiq ushlayapti.
Shunday vaziyatda eng katta «og‘riq nuqtasi» — xotira komponentlari. Tahlillarda Samsung va SK hynix kabi yetkazib beruvchilar bilan shartlarni yumshatish, narxni tushirish yoki kamida o‘sishni sekinlatish uchun muzokaralar kuchaygani aytilyapti. Qisqasi: Apple «qimmat bo‘lsa ham sizga urib yubora qolay» demay, o‘z zimmasiga olish variantini ham o‘ylayapti — xizmatlardan tushadigan daromad evaziga bosimni yengillatish ssenariyi tilga olinadi.
Hozirgi «Pro» segmentidagi narx manzarasi ham bu kurashni tushuntiradi. Masalan, iPhone 17 Pro AQSHda 1 099 dollardan boshlangani, shu bilan birga bazaviy xotira hajmi ham oshirilgani haqida yozildi. Shu fondagina keyingi avlodda narxni o‘sha atrofda ushlab qolish — marketing emas, real strategiya: raqobat qattiq, xaridor esa «yangi model — yangi qarz» ssenariyidan charchayapti.
Eng qizig‘i, kompaniya faqat RAM emas, boshqa qimmat detallar — ayniqsa displey va kamera atrofida ham xarajatni qisqartirish yo‘llarini izlayapti degan qarash bor. Agar shu reja ish bersa, iPhone 17 Pro Max kabi yuqori segmentda ham narx bosimi sal yumshashi mumkin.
Yakun: agar bozordagi tanqislik va qimmatlashuv davom etsa ham, Apple'ning maqsadi bitta — «Pro‘ni Pro narxida qoldirish», uni luksga aylantirib qo‘ymaslik. Endi bari ta’minot zanjiri va bahor-yozdagi qarorlarga bog‘liq: kim kimga nechog‘lik «chegirma» beradi — o‘sha g‘olib.































Izohlar 0
…