Apple'ning arzon MacBook Neo modeli sinovdan o'tdi

Apple kompaniyasining yangi MacBook Neo noutbuki ilk bor benchmark testlaridan o'tkazildi. Qurilma iPhone 16 Pro smartfonlarida qo'llanilgan 6 yadroli A18 Pro chipi bilan jihozlangan. Sinov natijalariga ko'ra, noutbuk bir yadroli rejimda 3461 ball, ko'p yadroli rejimda esa 8668 ball to'plagan. Grafik imkoniyatlari uchun javobgar bo'lgan Metal ko'rsatkichi esa 31286 ballni tashkil etdi. Bu haqda macrumors.com xabar beradi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, MacBook Neo'ning ko'p yadroli unumdorligi M1 chipiga ega MacBook Air bilan deyarli bir xil. Biroq, bir yadroli tezlik bo'yicha yangi model M3 va M4 chiplariga yaqinroq natija ko'rsatmoqda. Bu xususiyat internetda kezish, hujjatlar bilan ishlash va video tomosha qilish kabi kundalik vazifalar uchun juda mos keladi. Noutbuk og'ir montaj yoki 3D modellashtirish kabi murakkab jarayonlar uchun mo'ljallanmagan.
Apple ushbu modelni Windows asosidagi arzon noutbuklar va Chromebook'larga raqobatchi sifatida taqdim etmoqda. Kompaniya ma'lumotlariga ko'ra, A18 Pro chipi kundalik vazifalarda eng ommabop Intel Core Ultra 5 protsessorli noutbuklardan 50 foizgacha tezroq ishlaydi. Sun'iy intellekt bilan bog'liq amallarda esa bu ko'rsatkich 3 barobargacha yetishi mumkin.
MacBook Neo'ning boshlang'ich narxi 599 dollarni tashkil etadi. Hozirda qurilma uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinmoqda, uning rasmiy savdosi esa 11-mart kunidan boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!