Xitoylik olimlar rekord darajadagi litiy batareyani yaratdi

Xitoylik tadqiqotchilar elektromobillar sanoatida inqilob qilishi mumkin bo'lgan yangi turdagi litiy batareyani yaratishga muvaffaq bo'lishdi. Nankay universiteti va Shanxay instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu texnologiya energiya zichligi bo'yicha mutlaq rekordni o'rnatdi. Yangi akkumulyatorlarning energiya zichligi bir kilogramm uchun 700 vatt soatni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, hozirgi kunda foydalanilayotgan zamonaviy batareyalar ko'pi bilan 255 vatt soatgacha quvvat bera oladi.
Ushbu kashfiyotning asosiy siri tarkibida ftorlangan uglevodorodlar mavjud bo'lgan yangi suyuq elektrolitdan foydalanilganida. An'anaviy kislorodli eritmalardan farqli o'laroq, ftor asosidagi bu tizim ionlarning harakatini sezilarli darajada tezlashtiradi va o'tkazuvchanlikni yaxshilaydi. Natijada batareya og'irligini oshirmasdan turib, elektromobillarning masofa bosib o'tish imkoniyatini bir necha barobar ko'paytirish imkoniyati paydo bo'ladi.
Yangi texnologiyaning yana bir muhim afzalligi uning ekstremal ob-havo sharoitlariga chidamliligidir. Hatto minus 50 daraja sovuqda ham batareya 400 vatt soat energiya zichligini saqlab qolishga qodir. Bu ko'rsatkich sovuq iqlimli hududlarda elektromobillardan foydalanishdagi asosiy muammolarni hal qilishi mumkin. Mutaxassislarning fikricha, mazkur ishlanma nafaqat avtomobilsozlik, balki aviatsiya, kosmik dasturlar va robototexnika sohalarida ham keng qo'llaniladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!