Xitoyda litiy batareyalari uchun 11 yillik soliq imtiyozlari yakunlanmoqda

Xitoy hukumati 2015-yildan buyon amal qilib kelayotgan litiy batareyalarini isteʼmol soligʻidan ozod qilish siyosatini rasman yakunlashga qaror qildi. Ushbu 11 yillik imtiyozli davrning tugashi nafaqat akkumulyator ishlab chiqaruvchilari, balki butun dunyo boʻylab elektromobillar bozoriga ham oʻz taʼsirini oʻtkazishi kutilmoqda. Mazkur qaror global avtosanoatda narxlarning shakllanishiga bevosita daxldordir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda litiy-temir-fosfat (LFP) akkumulyator elementlarining oʻrtacha narxi har bir vatt-soat uchun 0,36 dan 0,4 yuangacha, uchlamchi litiy-ionli elementlar esa 0,55 dan 0,6 yuangacha baholanmoqda. Aksariyat elektromobillarning batareya quvvati 55 kW·soatdan 100 kW·soatgacha, gibrid avtomobillarda esa 36 dan 55 kW·soatgacha ekanligini hisobga olsak, yangi soliq stavkalari mashina narxiga sezilarli qoʻshimcha yuk boʻladi.
Soliq stavkalari va narxlarning oshishi
Yangi tartibga koʻra, soliq stavkasi 2 foiz etib belgilansa, bitta toʻliq elektr quvvatli avtomobilning tannarxi 396 yuandan 1200 yuangacha koʻtariladi. Agar soliq stavkasi 4 foizga yetsa, bu koʻrsatkich 2400 yuangacha (taxminan 330 dollar) oshishi mumkin. Gibrid modellar uchun esa narx koʻtarilishi 260 dan 1320 yuangacha boʻlgan diapazonni tashkil etishi kutilmoqda.Mutaxassislarning fikricha, isteʼmol soligʻi tufayli narxlarning oshishi avtomobil umumiy qiymatining 1 foizidan kamrogʻini tashkil etadi. Bu koʻrsatkich litiy xomashyosi narxining keskin tebranishlariga qaraganda ancha past boʻlsa-da, ishlab chiqaruvchilar uchun jiddiy muammo tugʻdirishi mumkin. Sababi, Xitoy avtomobil bozorida ayni paytda raqobat oʻta kuchli va rentabellik darajasi past.
Ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bosim
Joriy yilning yanvar-may oylarida Xitoyda avtomobil ishlab chiqarish rentabelligi bor-yoʻgʻi 1,5 foizni tashkil etdi. Koʻplab kompaniyalar hali ham zarar bilan ishlamoqda. Bunday sharoitda tannarxning bir necha yuz yuanga oshishi ham past rentabellik bilan kurashayotgan avtogigantlar uchun qoʻshimcha moliyaviy bosim hisoblanadi.Yangi soliq tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan:
- 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab simobsiz batareyalar, nikel-metall-gidridli va litiy-ionli akkumulyatorlar uchun 2 foizlik isteʼmol soligʻi undiriladi;
- 2027-yil 1-sentyabrdan boshlab esa ushbu soliq stavkasi 4 foizga oshiriladi.
Ushbu oʻzgarishlar Oʻzbekiston bozoriga ham taʼsir koʻrsatishi muqarrar, chunki mamlakatimizga kirib kelayotgan elektromobillarning asosiy qismi aynan Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi. Ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi eksport narxlarida ham oʻz aksini topishi mumkin. Biroq, texnologik jarayonlarning optimallashishi va litiy narxining arzonlashishi ushbu soliq yukini qisman kompensatsiya qilishi ham ehtimoldan xoli emas.






























Izohlar 0
…