Claude Code uchun yangi avtomatik kod tekshirish funksiyasi ishga tushdi

Sun'iy intellekt yordamida kod yozish jarayoni ommalashgani sari dasturchilar oldida yangi muammolar paydo bo'lmoqda. Xususan, AI tomonidan yaratilgan kodlarda mantiqiy xatolar va xavfsizlik bo'shliqlari ko'payib bormoqda. Shu bois Anthropic kompaniyasi Claude Code tizimiga maxsus Code Review funksiyasini qo'shdi. Ushbu vosita korporativ mijozlarga AI yozgan kodlarni avtomatik tahlil qilish va xatolarni muddatidan oldin aniqlash imkonini beradi. Bu haqda techcrunch.com xabar beradi.
Yangi tizim GitHub bilan integratsiya qilinadi va pull request jarayonida kodni chuqur tahlil qiladi. Tizim shunchaki uslubiy xatolarga emas, balki aynan mantiqiy kamchiliklarga e'tibor qaratadi. Bu esa dasturchilarning ish unumdorligini oshirib, kod sifatini nazorat qilishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etadi. Tizim xatolarni qizil, sariq va binafsha ranglar bilan belgilab, ularning qay darajada xavfli ekanligini ko'rsatib beradi.
Anthropic mahsulot rahbari Cat Wu ta'kidlashicha, ushbu yechim ayniqsa "Uber", "Salesforce" va "Accenture" kabi yirik kompaniyalar uchun juda muhim. Ko'p agentli tizim kodni turli nuqtai nazardan tekshiradi va eng muhim muammolarni birinchi o'ringa chiqaradi. Hozirda ushbu funksiya Claude for Teams va Claude for Enterprise foydalanuvchilari uchun sinov tariqasida taqdim etilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!