Yel talabalari iMessage uchun sun'iy intellekt tarmoig'ini yaratdi

Yale universiteti talabalari iMessage messenjeri negizida ishlovchi "Series" nomli sun'iy intellektga asoslangan yangi ijtimoiy tarmoqni yaratishdi. Loyiha Reddit va Venmo rahbarlari kabi yirik investorlardan 5,1 million dollar sarmoya jalb qilishga muvaffaq bo'ldi. Tizim foydalanuvchilarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularga mos suhbatdoshlarni tanlaydi va shaxsiy ma'lumotlar maxfiyligini ta'minlaydi. Hozirda 750 dan ortiq universitetlarda qo'llanilayotgan ushbu platforma o'zining yuqori faollik ko'rsatkichi bilan Facebook’ning ilk davrlaridagi natijalarini ham ortda qoldirmoqda.
Yale universiteti bitiruvchi kurs talabalari Nataneo Jonson va Shon Xargrou iMessage messenjeri ichida ishlaydigan Series ijtimoiy tarmog'ini ishga tushirdi. Loyiha dastlabki bosqichda Venmo hammuassisi Ikram Magdon-Ismoil, Reddit rahbari Stiv Xaffman va boshqa yirik investorlardan 5,1 mln dollar investitsiya jalb qilishga muvaffaq bo'ldi. Dasturchilar o'z mahsulotini oddiy sun'iy intellekt ilovasi emas, balki yangi avlod ijtimoiy platformasi deb hisoblamoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Platformadan foydalanish uchun foydalanuvchilar iMessage orqali maxsus raqamga xabar yozishlari kifoya. Tizim foydalanuvchining qiziqishlari va maqsadlaridan kelib chiqib, unga mos keladigan boshqa shaxslarning profillarini taqdim etadi. Har bir profil rasm va qisqa ma'lumotdan iborat bo'lib, foydalanuvchilar shaxsiy telefon raqamlarini oshkor qilmagan holda o'zaro muloqotni boshlashlari mumkin. Hozirda ushbu xizmatdan 750 dan ortiq universitet talabalari va turli soha mutaxassislari foydalanmoqda.
Loyiha asoschisi Jonsonning ta'kidlashicha, zamonaviy texnologiyalar an'anaviy qidiruv tizimlaridan jonli muloqot interfeyslariga o'tmoqda. Series foydalanuvchilari orasida faollik ko'rsatkichi 82 foizni tashkil etmoqda, bu esa Facebook tarmog'ining ilk davridagi natijalaridan ham yuqoridir. Jalb qilingan mablag'lar muhandislar jamoasini kengaytirish va mahsulot imkoniyatlarini oshirishga yo'naltiriladi. Kompaniya shtab-kvartirasi Nyu-York shahrida joylashgan bo'lib, asoschilar o'qishni tashlamasdan turib biznesni boshqarishda davom etmoqda.































Izohlar 0
…