Amazon xaridorlari endi mahsulotlar haqida ovozli savol-javob qilishi mumkin

"Amazon" kompaniyasi seshanba kuni mahsulot sahifalarida sun'iy intellekt asosida ishlaydigan yangi funksiyani ishga tushirdi. Mazkur tizim foydalanuvchilarga tovarlar haqida savol berish va real vaqt rejimida ovozli javob olish imkonini beradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya buni «sun'iy intellektli xarid ekspertlari» deb atamoqda.
Yangi «Suhbatga qo'shiling» funksiyasi xaridorlarga uzun tavsiflar va ko'plab sharhlarni o'qib chiqmasdan, kerakli ma'lumotni tezda topishga yordam beradi. Tizim mahsulot xususiyatlari va boshqa xaridorlarning fikrlarini tahlil qilib, tabiiy muloqot shaklida ma'lumot taqdim etadi.
Masalan, xaridorlar kiyimning matosi qichishtirishi yoki kofe mashinasi yangi o'rganuvchilar uchun mos kelishi haqida so'rashlari mumkin. Sun'iy intellekt avvalgi javoblarga tayanib, ma'lumotlarni takrorlamasdan, do'kondagi maslahatchi kabi yordam beradi.
Ushbu imkoniyat «Amazon Shopping» ilovasidagi millionlab mahsulot sahifalarida mavjud bo'lgan «Asosiy jihatlarni tinglang» bo'limining bir qismidir. Hozirda mazkur xizmat AQShda sinovdan o'tkazilmoqda va faqat tanlangan mahsulotlar uchun amal qiladi.
Foydalanuvchilar mahsulot rasmi ostidagi maxsus tugmani bosish orqali qisqa xulosani tinglashlari yoki matn va ovoz orqali aniq savollar berishlari mumkin. Bu «Amazon»ning «Rufus» yordamchisi va «Menga qaror qilishga yordam ber» kabi sun'iy intellektga asoslangan xarid vositalari qatoriga qo'shildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!