Tarmoqda buklanuvchi "iPhone Ultra" smartfonining realistik suratlari tarqaldi

Xitoylik taniqli insayder Digital Chat Station Weibo tarmog'ida iPhone Ultra deb nomlangan ilk buklanuvchi smartfonning uchta suratini e'lon qildi. Kadrlarda kitob shaklidagi ixcham va keng ramkali qurilma aks etgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Suratlardagi yorug'lik, materiallar teksturasi va korpus detallari juda ishonchli ishlangan. Mutaxassislarning fikricha, bu zavoddan olingan haqiqiy prototip suratlari yoki sun'iy intellekt yordamida yaratilgan yuqori sifatli renderlar bo'lishi mumkin.

iPhone Ultra ichki ekrani taxminan 7,7 dyuym, tashqi displeyi esa 5,3 dyuymni tashkil etishi kutilmoqda. Asosiy o'ziga xoslik shundaki, ovoz balandligini boshqarish tugmalari korpusning yuqori qismida joylashgan.
Qurilmaning o'ng tomonidagi quvvat tugmasi Touch ID barmoq izi skaneri bilan birlashtirilishi aytilmoqda. Biroq, yopiq holatda ovoz tugmalaridan bir qo'l bilan foydalanish biroz noqulaylik tug'dirishi mumkin.
Ma'lumotlarga ko'ra, Samsung Display 2026-yilning iyun oyida iPhone Ultra uchun displeylar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda. Yil davomida 8 milliongacha shunday smartfon ishlab chiqarilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!