Sony PlayStation o'yinlari litsenziyasini har 30 kunda tekshirishni joriy qildi

Sony kompaniyasi PlayStation konsollarida o'yinlarni himoya qilishning yangi tizimini e'lon qilmasdan ishga tushirdi. Ushbu tizim foydalanuvchilardan vaqti-vaqti bilan internetga ulanishni talab qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi qoidaga ko'ra, har 30 kunda o'yin litsenziyasi bir marta tekshiriladi. Agar konsol 30 kundan ortiq tarmoqqa ulanmasa, litsenziya vaqtincha bekor qilinadi va o'yinni ishga tushirib bo'lmaydi.
Bu hatto oflayn o'yinlarga ham tegishli.
O'ynash imkoniyatini tiklash uchun internetga ulanish va litsenziyani yangilash kerak bo'ladi. Qo'llab-quvvatlash xizmati bu xato emasligini va yangi tizim ekanligini tasdiqladi.
Cheklov PS4 va PS5 konsollarida mart oyidan keyin xarid qilingan barcha o'yinlar uchun amal qiladi.
Ba'zi taxminlarga ko'ra, Sony bu orqali xakerlik hujumlarining oldini olmoqchi. Eski zaiflik tufayli foydalanuvchilar o'yin uchun pulni qaytarib olib, litsenziyani konsolda saqlab qolish imkoniga ega edi.
Yangi himoya tizimi pul qaytarish muddati bo'lgan dastlabki 14 kun davomida faol ishlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!