Lenovo yangi ThinkPad P16 rusumida magniy karkasdan voz kechdi

Lenovo kompaniyasi o'zining flagman ThinkPad P16 Gen 3 ish stansiyasi konstruksiyasini o'zgartirdi. Yangi modelda korpus qattiqligini ta'minlovchi ichki magniy karkasdan foydalanilmaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu o'zgarish orqali kompaniya 2006 yilda ThinkPad T60 modelidan boshlangan uzoq yillik an'anaga yakun yasadi.
Magniy karkas uzoq vaqt davomida ThinkPad P seriyasining asosiy xususiyatlaridan biri bo'lib kelgan. U noutbukning mustahkamligini oshirib, kundalik professional foydalanishda yuklamalarga bardosh berishga yordam bergan.
Mobil ish stansiyalari uchun bu juda muhim sanaladi, chunki ular ko'pincha murakkab sharoitlarda ishlatiladi.
Endilikda Lenovo qurilma qalinligi va o'lchamlarini qisqartirish yo'lidan bormoqda. P16 Gen 3 modelida ekran atrofidagi qo'shimcha magniy ramka bevosita asosiy ramkaga o'rnatilgan konstruksiya bilan almashtirildi.
Kompaniya bu qarorining aniq sabablarini ma'lum qilmadi, biroq bu ishlab chiqarishni soddalashtirishi mumkin.
ThinkPad P seriyasi hamon eng qimmat qurilmalar qatorida qolmoqda. P16 Gen 3 modelining tayanch versiyasi qariyb 3000 dollardan boshlanadi.
Intel Core Ultra 9 275HX va Nvidia RTX Pro 5000 Blackwell o'rnatilgan eng yuqori konfiguratsiya narxi esa 9500 dollar atrofida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!