Xotira inqirozi Mac miniga ham taʼsir qilmoqda

Apple kompaniyasi Mac mini uchun 256 GB xotira variantini taklif qilishni to'xtatdi, bu esa boshlang'ich narxning oshishiga olib keldi. Endi Mac mini M4 chipi bilan 16 GB operativ xotira va 512 GB doimiy xotira uchun 799 dollar to'lash kerak. Bunga sabab global xotira chiplaridagi tanqislik va sun'iy intellektga bo'lgan yuqori talabdir. Apple rahbari Tim Kuk, xotira narxlari oshishini va operativ xotira yetishmovchiligi tufayli qiyin biznes qarorlarini qabul qilishga majbur bo'lishlarini ta'kidladi.
MacRumors'ning xabar berishicha shu haftada Apple butun dunyo boʻylab Mac mini uchun 256 GB xotira variantini taklif qilishni toʻxtatdi. Natijada, ushbu ish stoli kompyuterining boshlang‘ich narxi koʻtarildi.
Masalan, AQShda M4 chipli, 16 GB operativ xotira va 512 GB doimiy xotiraga ega Mac mini endilikda 799 dollardan sotilmoqda. Holbuki, avvalroq M4 chipli, 16 GB operativ xotira va 256 GB xotirali model 599 dollardan sotilayotgan edi.
Garchi 512 GB xotirali konfiguratsiya doim 799 dollardan boshlangan boʻlsa-da, Apple'dan 599 dollarga yangi Mac mini sotib olmoqchi boʻlgan mijozlarda endi bunday imkoniyat yoʻq. M4 Pro chipli Mac mini modellari allaqachon kamida 512 GB xotira bilan chiqarilayotgan edi, shuning uchun ushbu konfiguratsiyalar narxida oʻzgarish boʻlmadi.
256 GB xotirali bazaviy Mac mini modeliga buyurtma berish oʻtgan haftadan beri imkonsiz boʻlib qolgan edi, endi esa u Apple konfiguratoridan butunlay olib tashlandi.
Shu haftadagi hisobot yigʻilishida Apple bosh direktori Tim Kuk Mac mini va Mac Studio yetkazib berishda cheklovlar borligini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, talab va taklif oʻrtasidagi muvozanatga erishish uchun Apple'ga "bir necha oy" kerak boʻlishi mumkin. Kuk har ikkala Mac'ni ham "sunʼiy intellekt va agentlik vositalari uchun ajoyib platformalar" deb atadi va bu kutilganidan yuqori talabga sabab boʻlganini taʼkidladi.
Mart oyida Apple Mac Studio'ning 512 GB operativ xotirali variantini taklif qilishni ham toʻxtatgan edi.
Mac mini va Mac Studio konfiguratsiyasidagi ushbu oʻzgarishlar sunʼiy intellekt serverlarini qurayotgan kompaniyalar tufayli yuzaga kelgan global xotira chiplari tanqisligi fonida sodir boʻlmoqda. Kukning aytishicha, Apple joriy chorakda "xotira narxlari sezilarli darajada oshishini" kutmoqda va operativ xotira yetishmovchiligi kompaniyani qiyin biznes qarorlarini qabul qilishga majbur qilmoqda.






























Izohlar 0
…