Volkswagen Rivian kompaniyasining eng yirik aksiyadoriga aylandi

AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan yangi hisobotlarga ko‘ra, Volkswagen kompaniyasi Amazon’ni ortda qoldirib, Rivian’ning eng yirik aksiyadoriga aylandi. Volkswagen Grup’ning Rivian’dagi ulushi ikki yildan kamroq vaqt ichida 8,6 foizdan 15,9 foizga ko‘tarildi. Bu o‘zgarish elektr transport vositalari ishlab chiqaruvchi startap bilan tuzilgan qo‘shma korxona doirasidagi hamkorlik bilan bog‘liq. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
2024-yil noyabrida tashkil etilgan Rivian and Volkswagen Grup Technologiyes qo‘shma korxonasi elektr arxitekturasi va dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga qaratilgan. Volkswagen ushbu loyihaga jami 5,8 milliard dollar sarmoya kiritish majburiyatini olgan. Kompaniya allaqachon bir necha bosqichda mablag‘ ajratdi, jumladan, VW ID.EVERY1 modelining qishki sinovlari yakunlangach, Rivian yana 1 milliard dollar sarmoya oldi.
Hozirgi vaqtda Volkswagen Grup Rivian’ning 209,7 million dona aksiyasiga egalik qilmoqda. Amazon esa 12,28 foiz ulush bilan ikkinchi o‘ringa tushdi. Amazon 2019-yilda Rivian’ning dastlabki investorlaridan biri bo‘lgan va kompaniyaga 100 mingta elektr yuk mashinasi uchun buyurtma bergan edi.
Rivian uchun bu hamkorlik juda muhim pallada yuz berdi, chunki kompaniya R2 modelini ishlab chiqarish va tadqiqot hamda ishlanmalarga (R&D) katta mablag‘ sarflamoqda. Rivian 2025-yilda tadqiqotlar uchun 1,7 milliard dollar ajratdi. Kelajakda ushbu qo‘shma korxona boshqa texnologik litsenziyalash bitimlariga yo‘l ochishi mumkin, garchi sun’iy intellekt va avtonom boshqaruv tizimlari bu hamkorlik doirasidan tashqarida qolgan bo‘lsa ham.