Ride1Up Revv1 Evo: dunyodagi ilk yarim qattiq holatdagi batareyali elektrosiped

Ride1Up kompaniyasi o‘zining yangi Revv1 Evo elektrosipedini taqdim etdi. Ishlab chiqaruvchilar ushbu modelni dunyoda yarim qattiq holatdagi (semi-solid-state) akkumulyator bilan jihozlangan ilk elektrosiped deb atashmoqda. 1 kVt·soat sig‘imga ega batareya yuqori avtonomiya, uzoq xizmat muddati va sovuq haroratlarga chidamlilikni ta’minlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Model 750 vattli Bafang dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, 100 N·m aylanish momentini taqdim etadi va maksimal tezligi soatiga 45 km ni tashkil qiladi. Ride1Up ma’lumotlariga ko‘ra, bir marta quvvatlanish bilan siped 100 km masofani bosib o‘ta oladi, to‘liq quvvatlanish esa taxminan 2 soat vaqt oladi.
Batareya 1200 dan ortiq siklga mo‘ljallangan bo‘lib, hatto -20 °C haroratda ham o‘z sig‘imining 70 foizini saqlab qoladi. Konstruksiya 180 kg gacha bo‘lgan yukni ko‘tara oladigan mustahkam ramaga ega. Shuningdek, siped 20 dyuymli g‘ildiraklar, to‘rt porshenli gidravlik tormozlar va HD-ekran bilan jihozlangan.
Qurilmaning og‘irligi 40 kg atrofida bo‘lib, uning narxi 2400 dollarni tashkil etadi. Hozirda Ride1Up rasmiy saytida oldindan buyurtma berish imkoniyati mavjud, yetkazib berish ishlari esa 2026-yilning avgust oyidan boshlanishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!